O‘zbekiston | 00:42 / 18.08.2020
33369
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi iPhone foydalanuvchilari yoppasiga VPN ilovalarini o‘rnatishmoqda

Shu yilning avgust oyidan boshlab o‘zbekistonlik ayrim foydalanuvchilar Instagram ijtimoiy tarmog‘iga ulanishda muammolar yuzaga kelayotganini bayon eta boshlashgan, deb yozmoqda spot.uz.

O‘zbekitstonlik iOS foydalanuvchilari yoppasiga VPN o‘rnatayotganini App Annie mobil tahlil servisining ma'lumotlari ham ko‘rsatib turibdi. 17 avgust holatiga kelib, beshta eng ko‘p yuklab olingan ilovalardan naq to‘rttasi — VPN. Bunday holat so‘nggi uch yilda ilk bora kuzatilmoqda.

Android foydalanuvchilari tomonidan VPN’ni yuklab olish darajasi bu qadar yuqori emas.

Iyul oyining boshlarida mobil VPN yana foydalanuvchilar o‘rtasida mashhurlasha boshladi. Bu hodisa Facebook ijtimoiy tarmog‘iga ulanishda muammolar yuzaga kelishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi.

Avgust oyidan boshlab esa ayrim foydalanuvchilar Instagram’ga ulanishda ham muammolar yuzaga kelayotganini xabar bera boshlashdi. Buni Downdetector servisi ma'lumotlari ham tasdiqlamoqda.

Bu – O‘zbekistonda saytlarga ulanish murakkablashishi fonida VPN'ning ommalashuviga doir birinchi holat emas. 2018 yil avgustida ham xuddi shunday vaziyat yuzaga kelib, muammo 2019 yilning yanvarida barham topgandi.

O‘tgan yilning avgusida o‘sha paytda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasida ishlab turgan Komil Allamjonov «Alter Ego» dasturi doirasida bloger Kirill Altmanga bergan intervyusida agentlik buning uchun o‘z hissasini qo‘shganini aytgan edi. Facebook va YouTube’ni bloklaganlar kimlar, deya berilgan savolga Allamjonov «ular allaqachon qamoqxonada o‘tirgani»ni aytib javob bergan edi.

Allamjonov shuningdek VPN barcha xavfsizlik tizimlarini buzib yuborishiga diqqat qaratgan edi. Agar barcha yoppasiga VPN ishlata boshlasa, davlatda masalan, narkotik savdosi bilan shug‘ullanishni targ‘ib qiluvchi yoki turli aksilkonstitutsion harakatlarga chorlovchi terroristik saytlarga kirishni nazorat qilish vositasi qolmaydi, degan edi ayni paytda Milliy mass-media fondiga rahbarlik qilayotgan Komil Allamjonov.

Mavzuga oid