Jahon | 20:48 / 20.08.2020
8937
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning sobiq yordamchisi hibsga olindi

AQSh prezidenti Donald Trampning sobiq yordamchisi Stiv Bennon firibgarlikda gumon qilinib hibsga olindi. Bu haqda AQSh adliya vazirligiga tayanib Fox News telekanali xabar berdi. 

Stiv Bennon / Foto: AP

Ma'lum qilinishicha, Bennon va yana uch kishi Meksika bilan chegarada devor qurilishi tarafdorlaridan yig‘ilgan mablag‘larni o‘zlashtirish maqsadida til biriktirishda gumon qilinmoqda.

Nyu-Yorkning Janubiy okrug prokurori Odri Straussning ta'kidlashicha, We Build The Wall (Biz devorni quramiz) onlayn-kampaniyasi davomida jami 25 mln dollardan ko‘proq mablag‘ yig‘ilgan. Kampaniya tashkilotchilari bu pullarni devor qurilishiga yo‘naltirishga va'da berishgan, biroq aslida 4 gumonlanuvchi ushbu pullardan yuzlab ming dollarini o‘z shaxsiy ehtiyojlari, jumladan, safarlar, mehmonxonalarda yashash uchun to‘lovlar, turli xaridlar, kredit kartalar bo‘yicha qarzlarni uzish uchun ishlatib yuborishgan.

Ma'lum qilinishicha, Bennon nazoratidagi kompaniya orqali We Build The Wall uchun to‘plangan mablag‘lardan 1 mln dollardan ko‘prog‘i olib chiqib ketilgan. Bu pullardan bir qismi Bennonning sheriklaridan biriga berilgan, biroq ularning katta qismini Bennonning o‘zi ishlatgan.

Ayblov xulosasida pullarning shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflanishi kampaniya tashkilotchilari tomonidan ovoza qilinmaganiga alohida e'tibor qaratilgan. Bundan tashqari, gumonlanuvchilar o‘z ishlari uchun hech qanday haq olmasliklarini takror-takror ta'kidlab kelishgan.

Mavzuga oid