DTM direktori o‘rinbosari abituriyentlarning IELTS Indicator bo‘yicha e’tirozlariga munosabat bildirdi
Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov OTMlarga bu yilgi qabulda IELTS Indicator B2 va undan yuqori darajasiga ega abituriyentlarga chet tili fanidan maksimal ball berilishi haqidagi qarorga izoh berdi.
Bu qaror abituriyentlar orasida bir nechta sabablarga ko‘ra norozilik keltirib chiqargan edi. Avvalo, sertifikat uchun onlayn topshiriladigan imtihonning shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash imkonsiz.
Qolaversa, onlayn hujjatlar qabuli vaqtida imtiyoz olish uchun IELTS Indicator'ni yuklamaslik so‘ralgan. Endilikda bunday sertifikati bo‘la turib qoidalarga rioya etganlar imtiyozsiz qolib, belgilangan tartibni buzib bu sertifikatni ko‘rsatganlarga imtiyoz berilmoqda.
DTM direktori o‘rinbosari bunga munosabat bildirar ekan, yangilik Davlat qabul komissiyasi bayoni bilan joriy etilganiga e’tibor qaratdi.
«Biz [IELTS Indicator sertifikati qabul qilinmasligi haqida] oldin ko‘p marotaba aytib o‘tgandik – Vazirlar Mahkamasining 395-sonli qarorida IELTS Indicator ko‘rsatilmagan. Ko‘p abituriyentlar tomonidan shu bo‘yicha savol bo‘lyapti: «O‘tmaydi, degan edinglar», deya e’tirozlar bo‘lyapti.
Ha, [o‘tmaydi deganimizga sabab] – Vazirlar Mahkamasi qarorida IELTS Indicator to‘g‘risida ko‘rsatilmagan, bu qaror qabul qilingan paytda – bir yil oldin IELTS Indicator o‘zi ham yo‘q edi. Lekin Davlat komissiyasining [joriy yil avgustdagi] 2-son bayoniga ko‘ra, abituriyentlarga qo‘shimcha sharoit yaratib berish maqsadida, IELTS Indicator'ni tan olish masalasi ham belgilab berilgan.
Abituriyent ro‘yxatdan o‘tish davrida IELTS Indicator'ini yuklagan bo‘lsa, hozirgi kunda uni inobatga olish bo‘yicha ishlar olib borilyapti», – dedi Sardor Rajabov.
U sertifikat uchun uyda onlayn topshiriladigan imtihonning shaffofligi masalasiga ham to‘xtaldi.
«Hozirda nafaqat IELTS Indicator, balki TOEFL iBT ham onlayn test o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Biz Britaniya kengashi, Kembrij assesment kabi tashkilotlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turamiz. Ular bilan gaplashganimizda: «Onlayn imtihon jarayonida sun’iy intellektdan foydalaniladi, ya’ni kamera orqali nazorat qilinadi, boshqa odam bo‘lsa, o‘tirganda o‘ng-chapga qarasa, ko‘zini olib qochsa, test avtomatik tarzda to‘xtatib qo‘yiladi», deb bizga xabar berishgan», – dedi Sardor Rajabov.
Ma’lumot uchun, IELTS Indicator – ingliz tilida o‘qish, yozish, tinglash va gapirish ko‘nikmasini baholovchi test tizimi bo‘lib, u pandemiya davrida bo‘lajak talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun onlayn shaklda tashkillashtirilgan.
DTM e’lon qilgan statistikaga ko‘ra, joriy yil 8 660 ta hujjat chet tili sertifikati dasturga kiritilgan va ulardan 8 079 tasi tasdig‘ini topgan. 581 ta sertifikat esa talabga javob bermasligi aniqlangan – endilikda shular orasidan IELTS Indicator sertifikatlari ajratib olinib, uni yuklagan abituriyentlarga chet tili fanidan maksimal ball beriladi.
Mavzuga oid
12:07 / 23.10.2024
“Katta natijalarga erishish mumkinligini qizlarimga isbotlash uchun IELTS’dan maksimal ball olishga harakat qildim” - IELTS’dan 9 ball olgan ilk o‘zbekistonlik ayol
17:02 / 31.05.2024
IELTS’dan 4 ball bilan ham magistraturaga kirish mumkinmi?
12:31 / 03.02.2024
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
14:13 / 04.12.2023