Jamiyat | 19:03 / 02.09.2020
10194
2 daqiqa o‘qiladi

Test kuni yog‘ingarchilik kuzatilsa, qanday yo‘l tutilishi ma'lum qilindi

Imtihon kuni o‘zgarsa, har bir abituriyentga SMS-xabarnoma yuboriladi.

Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov test sinovi kunida yog‘ingarchilik kuzatilsa, qanday yo‘l tutilishi haqida ma'lumot berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Agar yog‘ingarchilik kuzatilishi prognoz qilinsa, test sinovlari kunning boshqa qismiga, yog‘ingarchilik 2-smena vaqtiga to‘g‘ri kelsa, imtihon boshqa kunga ko‘chiriladi.

Agar abituriyentlar stadion yoki xiyobon hududiga kirib bo‘lgan paytda yomg‘ir yog‘sa, ular pana joylarga o‘tkaziladi; test sinovlari boshlangach joylariga o‘tirishadi.

Test sinovlari kuni o‘zgarsa, har bir abituriyentga SMS-xabarnoma yuboriladi», – dedi Barno Rajabov AOKAdagi brifingda.

DTM rasmiysiga ko‘ra, 2 sentyabrga qadar 3 mingga yaqin abituriyent o‘z ruxsatnomasini yuklab olmagan.

«Ruxsatnomani shu paytga qadar yuklab olmagan abituriyentlarga yordam berish uchun OTMlar bilan hamkorlikda imtihonga kirish joylarida ruxsatnomalarni chop etib berish tizimi tashkil etildi.

Lekin abituriyentlar bunga ishonib, o‘z ruxsatnomasining chop etilmagan varianti bilan kelishlari kerak emas», – dedi Barno Rajabov.

Qo‘shimcha qilinishicha, abituriyent test hududiga o‘zi olib kelgan tibbiy niqob yoki virus blokatorni taqqan holda kira olmaydi. Ular orqali imtihon hududiga turli vositalar olib kirilishi ehtimoli borligi uchun bunga ruxsat berilmaydi.

Mavzuga oid