O‘zbekiston | 00:35 / 04.09.2020
195627
3 daqiqa o‘qiladi

Birinchi kungi test sinovlarining natijalari e'lon qilindi

OTMlarga kirish uchun 2 sentabr kuni test topshirgan abituriyentlarning imtihon natijalari e'lon qilindi.

Foto: KUN.UZ

Abituriyentlar Davlat test markazi saytidagi shaxsiy kabinetiga kirish orqali qancha ball to‘plaganini bilishlari mumkin.

Test natijalarini qanday bilish mumkin?
Abituriyentlar o‘z natijasini bilish uchun ruxsatnomasining pastki o‘ng burchagida QR kod ostiga maxsus havola (link) ochib, test natijasi ko‘rishi mumkin.

QR kodni qanday o‘qish mumkin?

1) Hozirgi zamonaviy smartfonlarning deyarli barchasida QR kodni o‘qish uchun telefon kamerasining o‘zi kifoya qiladi. Alohida qanaqadir dastur o‘rnatish shart emas. Shunchaki telefon kamerasini yoqing va abituriyent ruxsatnomasining pastki qismidagi QR kod ustiga kamerani olib boring. Shunda telefon ekranida yozuv paydo bo‘ladi va abitur.dtm.uz saytidagi maxsus uzun havola chiqib keladi. O‘sha havolani brauzer orqali ochsangiz, natijani ko‘rish mumkin bo‘ladi.

2) Agar mabodo telefoningiz kamerasini QR kod ustiga olib borganingizda ekranda hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa, unda QR kod o‘qiydigan maxsus ilova yuklab olishingiz kerak bo‘ladi. Masalan, mana dasturni yuklab olish mumkin.

Talabgorlar o‘qishga qabul qilinish uchun tavsiya etilgan yoki etilmaganini barcha imtihonlar tugaganidan so‘ng, 1 hafta o‘tib ma'lum bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2 sentabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab 118 500 abituriyent qatnashishi kutilgan, ammo ulardan 6 312 nafari test sinovlariga kelmagan. 59 kishi chetlashtirilgan bo‘lib, ulardan 5 nafari boshqa kishining o‘rniga kirishga uringan, 4 nafar abituriyent issig‘i borligi sabab imtihonlarga kiritilmagan. Ulardan barcha imtihonlar tugaganidan keyin to‘rt kun o‘tib imtihon olinadi.

Ma'lumot uchun, bu yil 1,4 mln abituriyent hujjat topshirgan. Bakalavriatning kunduzgi shakliga 103 575 nafar, sirtqi shakliga 31 350 nafar, kechki shakliga 5 025 nafar talaba qabul qilinadi.

Mavzuga oid