Jamiyat | 11:57 / 04.09.2020
12162
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda yana bir YTH sodir bo‘ldi, qurbonlar bor

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 3 sentabr kuni soat 10:00da haydovchi, 39 yoshli B.U. boshqaruvida bo‘lgan BMW rusumli avtomashinasida Namangan viloyati Chust tumani Varzik-Qoraqo‘rg‘on avtomobil yo‘li bo‘ylab Varzik yo‘nalishining 1-kilometrida harakatlanib ketayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u shu vaqtda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning chap tomonidagi beton to‘siqqa urilishi oqibatida avtomashinada bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchi, ya'ni 33 yoshli M.U. va uning qizi voyaga yetmagan 3 yoshli R.U. hodisa joyida vafot etgan, haydovchi va 3 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

YTH sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi chiqib, hodisa joyi ko‘zdan kechirilgan.

Holat yuzasidan Chust tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid