O‘zbekiston | 13:02 / 11.09.2020
22917
6 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya bahonasida oliy ta'limda nimalar o‘zgarishi kerak?

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram'dagi kanalida e'lon qilgan maqolasida hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, oliy ta'limga oid qator takliflarini ilgari suradi.

Foto: PhotoXpress

Koronavirus pandemiyasi juda ko‘p sohalarda bo‘lgani kabi ta'lim tizimida ham qotib qolgan stereotiplarni parchalab tashladi. "Buning iloji yo‘q" deya qarshilik ko‘rsatilgan ko‘p ishlar o‘z-o‘zidan amalga oshib ketdi.

Birgina onlayn hujjat qabul qilish tizimini misol keltirish mumkin. Bakalavrga ham, magistrga ham, kollej-texnikumlardan tortib maktab-litseylarga ham, o‘qishni ko‘chirish-u ikkinchi mutaxassislikka ham onlayn hujjat qabul qilindi. Ayrim kamchiliklarni aytmasa, hech bir muammo bo‘lgani ham yo‘q.

Xo‘sh, shunday ekan, yana boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish payti kelmadimikin? Masalan, men quyidagilarni taklif qilaman:

1. Majburiy formani bekor qilish. Pandemiya paytida hamma uyda o‘qiyapti va talabalar uyida istalgan kiyimida yurishibdi. Bundan kelib chiqadiki, kiyim talabaning bilimiga ta'sir o‘tkazadigan faktor emas. Oq ko‘ylak, qora shim, galstuk va uzun paypoq kiysa, aqlli talaba yoki shularni kiymasa, ahmoq talabaga aylanib qolmasligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.

Ertalabdan eshikni tagida turvolib, galstugi yo‘q yoki ko‘ylagining rangi boshqacha talabalarni to‘xtatib, tushuntirish xati olib o‘tiradigan «ma'naviyat zamdekanlar»ning ishi ham ta'lim sifatiga biror foydasi tegmasligini tushundik.

Bas, shunday ekan, butun oliy ta'lim tizimida majburiy formani bekor qilsak nima bo‘ladi? Nima o‘zgaradi? Hech narsa!

Albatta, majburiy formani bekor qilish deganda, ayrimlar darrov ko‘rpani o‘ziga tortib, vahimani boshlamasin. Talabalar haddidan oshmasligi uchun kiyimga qo‘yilgan ayrim cheklovlar baribir saqlanib qoladi, bu barcha joyda bor. Ammo bu cheklov mantiqiy va kichik bo‘ladi va talabada erkinlik ko‘proq bo‘lishi kerak.

2. Majburiy davomatni bekor qilish. Masofaviy darslar ko‘rsatib turibdiki, talaba jismonan biror darsda bo‘lmasligi juda katta fojia emas. U mustaqil o‘zi o‘rganib, dars materiallari bilan tanishib, berilgan mavzuni o‘zlashtirishi ham mumkin. Talabaning burnidan ip o‘tkazib, auditoriyaga majburan mixlab qo‘yib, uni o‘qitishga urinish anchayin zamondan orqada qolgan metodlardan ekanligini pandemiya isbotlab qo‘ydi. Aksincha, mustaqil ta'limga katta urg‘u berish, o‘qituvchilar asosan to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatishi lozimligi, ya'ni talabaga muayyaan muammoning tayyor yechimini aytish emas, balki o‘sha muammoni qanday qilib yechish yo‘llarini o‘rgatish kerakligini tushunyapmiz.

Xo‘sh, shunday ekan, nima uchun oliy ta'lim tizimida majburiy davomat tizimini bekor qilmaymiz? An'anaviy o‘qishlar boshlangandan keyin, kim istasa darsga kelsin, istamasa onlayn o‘zi mustaqil o‘qisin, lekin asosiysi oraliq va yakuniy nazoratlarni topshirishiga ko‘zi yetsa bo‘ldi, desak nima bo‘ladi? Ta'lim tizimimiz barbod bo‘ladimi? Yoki biror fojia ro‘y beradimi? Hech narsa bo‘l-may-di!!! Bu hammasi quruq gap, quruq safsata.

3. Haftasiga besh kunlik o‘qish tizimiga o‘tish. Yana o‘sha yuqoridagi gap. Talabalani majburlab butun hafta davomida universitetda ushlab o‘tirish – noto‘g‘ri va eskirgan metod. Bugungi zamon boshqa, talablar boshqa.

Masalan, barcha oliy ta'lim tizimi besh kunlik rejimga o‘tsa va o‘quv rejalarini shunga moslashtirsa, nima o‘zgaradi? Yoki talabalarimizning bilimi pasayib ketadimi (bundan ortiq yana qayoqqa pasayishi mumkin, hayronman)? Kimdir shu savolga aniq, faktlar bilan javob qaytara oladimi? Aniq ishonch bilan ayta olamanki, bu ham ta'liming tepasida turganlarning asossiz qo‘rquvi xolos.

4. Konspekt talab qilish. Ortiqcha izoh berishim shartmas, shunchaki hozir 2020 yil ekanligini eslatib qo‘ymoqchiman xolos.

5. O‘quv yilini oktabr oyidan boshlash. Bu muammoli masala emas, shunchaki taklif. Pandemiya sabab test sinovlari kechikib o‘tkazilmoqda va 1-kurslar uchun yangi o‘quv yili oktabr oyidan boshlanadigan bo‘ldi.

Xorij tajribasidan ma'lumki, akademik o‘quv yili odatda aynan oktabr oyidan boshlanadi. Bu ko‘p tomondan qulay va o‘quv yilining bunday yuklamasi ham ma'qul deya qabul qilingan. Shu sababli bizda ham oliy ta'lim muassasalarida barcha kurslar uchun o‘quv yilini oktabr oyidan boshlasak zo‘r bo‘lardi.

Sizda qanday takliflar bor? Oliy ta'lim tizimida ta'lim sifatiga bevosita ta'sir o‘tkazmaydigan yana qanday ortiqcha talab va cheklovlarni olib tashlash yoki yangi narsalar qo‘shish kerak, deb o‘ylaysiz?

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Mavzuga oid