O‘zbekiston | 17:19 / 16.09.2020
99652
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov vafot etdi 

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.

Xayrulloh domla Turmatov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta'lim olgan, mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyatidagi «Chetsuv», «Qorabog‘», «Zangiota» jome masjidlari imom-xatibi, Angren shahri bosh imom-xatibi vazifalarida ishlab kelgan. So‘nggi yillarda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida xizmat qilayotgandi.

«Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O‘zidir. Qur'oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz… (Baqara, 156) deyilgan.

Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan bu din xizmatchisini mag‘firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.

Xayrulloh domla Turmatovga ulamolar, imom-xatiblar, imom noiblar, jome masjidlardagi har bir mas'ul xodim hamda qalblari Allohning baytiga bog‘langan qadrli insonlarning ehtiromi baland va yuksak edi.

Hadisi qudsiylardan birida aytiladi: “Ey Odam farzandi! …Albatta, Men sizlarning suratingizga ham, chiroyingizga ham qaramayman. Balki qalbingizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”. Rahmatli Xayrulloh domla Turmatov ham ana shunday yaxshi xislatlar, ezgu fazilatlar sohibi edi.

Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, chekkan dardlarini gunohlariga kafforat aylasin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!

Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin», deyiladi xabarda.

Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolari, yaqinlari va shogirdlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.

Mavzuga oid