Jahon | 04:31 / 06.10.2020
119238
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda namoyishchilar Almazbek Atamboyevni ozodlikka chiqarishdi

Foto: 24.kg

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev ozodlikka chiqarilgan. Bu haqda «RIA Novosti» yozmoqda.

Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan qirg‘izistonliklar namoyishga chiqishgandi. Vaziyat jiddiy tus olib, namoyishchilar Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosining darvozasini sindirib, ichkariga kirishgan. U yerda mamlakat sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev saqlanayotgandi.

Oldinroq namoyishchilar parlament binosiga ham bostirib kirishgan. Xavfsizlik qo‘mitasi binosiga kirib borgan namoyishchilar Almazbek Atamboyevning ozodlikka chiqarilishini talab qilishgan. Ma'lum bo‘lishicha, ularning talabi bajarilgan va sobiq prezident qo‘yib yuborilgan.

Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlarida davomad 56,5 foizni tashkil qilgan va u o‘tkazilgan deb topilgandi. Saylov natijalariga ko‘ra, faqat «Birimdik», «Mekenim Kirgizstan», «Kirgizstan» va «Butun Kirgizstan» partiyalari yetarli ovoz to‘play olgan. Saylovda qatnashgan 12 partiyadan 11 tasi natijalarni tan olmagan. Hukmron «Birimdik» partiyasi esa qayta saylovlar o‘tkazishga rozi bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, 2019 yil avgustda qo‘lga olingan Almazbek Atamboyev bir qator jinoyatlarda ayblanib, 11 yil-u 2 oy qamoq jazosiga hukm qilingandi. Unga qo‘yilgan asosiy ayblov sifatida kriminal Aziz Batukayevni ozodlikka chiqarish keltirilgandi. 2013 yilda 16 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Batukayev muddati yakunlanmay turib ozodlikka chiqarilgan. Atamboyev prezidentlikdan ketgach, bu ish borasida tekshiruv boshlandi. Atamboyev aybini tan olmagach, harbiylar uning uyiga bostirib kirib, qo‘lga olishgandi.

Internetda Atamboyevning ozod qilinishidan olingani aytilayotgan videolar tarqaldi. Bishkek ko‘chalarida minglab odamlar namoyishlarda qatnashdi. Hukumat bu borada rasmiy ma'lumot bergani yo‘q.

Mavzuga oid