Jahon | 07:49 / 03.06.2022
23056
2 daqiqa o‘qiladi

Atamboyevga 2010 yilgi O‘sh voqealari bo‘yicha ayblov qo‘yildi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevga 2010 yil iyun voqealari bo‘yicha jinoiy ishda ayblov qo‘yildi. Bu haqda uning advokati Sergey Slesarev 24.kg’ga xabar berdi.

Foto: knews.kg

Sobiq prezident tartibsizliklar bo‘yicha mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblanmoqda. «U iyun voqealarining oldini olishi mumkin bo‘lgani, lekin hech narsa qilmaganlikda ayblanmoqda», - dedi advokat. 

Qirg‘izistonda 2010 yilda fojiali voqealardan bir necha oy oldin tuzilgan muvaqqat hukumat mavjud edi. Uning tarkibiga 14 kishi, jumladan Roza Otunboyeva (muvaqqat hukumat rahbari), Almazbek Atamboyev (birinchi o‘rinbosar), Temir Sariyev va Azimbek Beknazarov (deputatlar), Damira Niyozaliyeva (sog‘liqni saqlash vaziri) kirgan. Emilbek Kaptagayev muvaqqat hukumat apparati rahbari bo‘lgan. 

Iyun voqealari yuzasidan jinoiy ish bo‘yicha tergov Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov topshirig‘i bilan 2021 yil aprelida qayta tiklandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining «Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish» moddasi bilan tergov harakatlari olib borilmoqda. Muvaqqat hukumat amaldorlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. 

Ma’lumot uchun, 2020 yilda Atamboyev kriminal avtoritet Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilishdagi korrupsiya ishi bo‘yicha 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

2010 yil 10 iyun kuni Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida qirg‘iz va o‘zbek etnik guruhlari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqib, ko‘plab qurbonlar bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 442 ta o‘lim qayd etilgan, biroq OAV 2000 dan ortiq o‘lim holati haqida xabar bergan.

Mavzuga oid