O‘zbekiston | 08:22 / 19.10.2020
53548
3 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi vafot etdi

Samarqand viloyati va Qo‘shrabot tumanining sobiq hokimi, so‘nggi yillarda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan A'zamxon Bahromov 60 yoshida vafot etdi.

«Beshafqat o‘lim xalqparvar va fidoyi inson, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi A'zamxon Bahromovni 60 yoshida oramizdan olib ketdi.

Janozasi bugun - 2020 yil 19 oktabr kuni soat 13:00da Toshkent shahri Yunusobod tumani «Uch qahramon» mahallasida bo‘ladi», deyiladi tuman hokimligi matbuot xizmati xabarida.

A'zamxon Bahromov 1960 yil 12 yanvarda Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida tug‘ilgan. U 1986 yil Toshkent xalq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) tugatgan. 1986-1992 yillarda shu institut assistenti, aspiranti bo‘lgan. Keyinchalik Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining katta o‘qituvchisi, dotsenti, dekan o‘rinbosari vazifasida ishlagan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, turli hokimlik, idora va tashkilotlarda mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 

A'zamxon Bahromov 2006 yilning dekabridan 2008 yilning apreligacha viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan, so‘ng Qo‘shrabot tumani hokimi (04.09.2017 – 11.11.2017) lavozimida ishlagan, 2017 yil 11 noyabrda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasiga tayinlangan edi.

Marhumning o‘limi sababi haqida aniq ma'lum qilinmagan.

  • Ma'lumot uchun, pandemiya davrida hududiy rahbarlar orasida bir necha o‘lim holatlari qayd etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, senator Musa Yerniyazov, Buxoro viloyati hokimi Karim Kamalov, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev koronavirus tufayli vafot etgan.
  • Iyul oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Tolibayev koronavirus qurboni bo‘lgandi. 8 sentabr kuni Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev va uning o‘rinbosarlaridan biri koronavirus asoratlari oqibatida vafot etdi. 
  • Sentabr oyi boshida Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Oybek Xo‘jayev vafot etgandi.
  • 29 sentabr kuni Andijon viloyatidagi Xonobod shahri hokimi Musaxon Mamadaliyev vafot etgani ma'lum bo‘ldi.
  • 7 oktabr kuni Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Bahromjon Nurmatov hamda Andijon viloyati Oltinko‘l tumani hokimi Nazirjon O‘rinboyev kasallik oqibatida olamdan o‘tgani xabar qilindi.

Mavzuga oid