O‘zbekiston | 17:14 / 23.10.2020
62022
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirus bilan qayta zararlanish holatlari kuzatilayotgani ma'lum qilindi

Nargiza Nurullayeva

O‘zbekistonda COVID-19ni takroran yuqtirib olish holatlari mavjud, deb ma'lum qildi SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Nargiza Nurullayeva.

«COVID-19 – bu yangi infeksiya. Organizmda bu virusga qarshi antitanacha ishlab chiqariladi. Ammo antitanachalar qanchalik chidamli, qayta zararlanish mumkinmi va bu holat qancha muddat davomida yuz berishi aniq emas. Hozirgi kunda bu muammo o‘rganib borilmoqda.

Bugungi kunda respublikamizda koronavirus bilan qayta zararlanish holatlari ham mavjud. Biz qayta zararlanish holatlari kuzatilishi mumkinligiga ilmiy tomonlama amin bo‘lishimiz lozim», – dedi shtab a'zosi 23 oktyabrdagi brifingda.

U bir martalik qo‘lqoplarni dezinfeksiya qilish haqidagi savolga ham javob berdi.

«Har qanday holatda ham qo‘lqoplarni dezinfeksiya qilish yaramaydi. Dezinfeksiyalovchi vositalar qo‘lqoplar yuzasini buzib, undan virus va bakteriyalarning ichkariga o‘tishiga olib keladi.

Bundan tashqari, qo‘lqoplarni kiyishdan avval, ayniqsa qo‘llaringizni dezinfeksiya qilgan bo‘lsangiz, ularning to‘liq quruqligiga amin bo‘lishingiz kerak. Agar qo‘llaringiz spirt saqlovchi vositalar bilan nam holatda bo‘lsa, qo‘lqoplarni kiyish jarayonida ular oson yirtilishiga olib kelishi mumkin», – dedi Nargiza Nurullayeva.

Brifingda fuqaroning: «O‘pkani 56 foiz zararlagan pnevmoniya xavfli emasmi? 18 kun vrach nazoratida barcha davolash dorilarni oldim. Qanday maslahat berasiz?» – degan savoliga javob berib o‘tildi.

«Agar siz 18 kun davomida koronavirus pnevmoniyasiga davo olgan bo‘lsangiz va davodan avvalgi tekshiruv natijasi 56 foizni ko‘rsatgan bo‘lsa, bu holatda MSKT tekshiruvini qayta o‘tkazishga zarurat yo‘q. Siz endilikda reabilitatsiya chora-tadbirlari bilan shug‘ullanishingiz zarur.

Agar 56 foiz zararlanish davolanishdan so‘ng aniqlangan bo‘lsa, u holda siz zudlik bilan shifokorga murojaat qilishingiz va lozim bo‘lganda statsionar davo olishingiz kerak», – dedi shtab a'zosi.

Mavzuga oid