Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Floridada, Bayden Kaliforniyada g‘olib chiqmoqda. So‘nggi ma'lumotlar
AQSh prezidentligi saylovlarida Donald Tramp muhim shtatlardan biri Floridada g‘olib bo‘ldi. Bu shtat ham g‘olibni oldindan aytish imkonsiz bo‘lgan «tebranuvchi» shtatlar sirasiga kiradi.
The New York Times nashri ma'lumotiga ko‘ra, byulletenlarning 94 foizi hisoblab chiqilgan holatda Tramp ovozlarning 51,2 foiziga ega chiqayotgani ma'lum bo‘lgan, uning demokrat raqibi Jo Bayden uchun esa — 47,8 foiz ovoz berilgan. Trampni Floridada Baydenga qaraganda 400 mingdan ortiq saylovchi qo‘llab-quvvatlagan.
CNN telekanalining qayd etishicha, Trampning Floridadagi g‘alabasi AQSh prezidentligiga nomzodlarning ikkisida ham g‘alaba uchun teng imkoniyat borligini ko‘rsatmoqda. Saylovoldi so‘rovlari Bayden yaqqol favoritligini ko‘rsatayotgandi.
Florida shtatida 26 delegat mavjudligi va u hech bir partiyaning tayanch nuqtasiga aylanmagani bu shtatni eng muhim shtatlardan biriga aylantirgan. Ushbu shtatning yana bir xususiyati shundan iboratki, 1964 yildan buyon ushbu shtatda g‘olib bo‘lgan nomzod prezidentlik saylovlarida ham g‘alaba qozongan.
Toshkent vaqti bilan soat 9:00da AQSh g‘arbidagi shtatlarda saylov uchastkalari yopildi.
CNN va Fox News telekanallari ma'lumotiga ko‘ra, Demokratik partiya nomzodi Jo Bayden eng ko‘p delegatga ega bo‘lmish Kaliforniyada g‘olib chiqib, 55 ovozga ega bo‘lishi oydinlashdi. Shuningdek, u Vashington va Oregonda ham ustun kelgan, Aydaho esa Trampni qo‘llagan.
Kaliforniya an'anaviy ravishda Demokratik partiyaga ovoz berib keladi, shu tufayli Amerika nashrlari ishonch bilan Bayden bu shtatda g‘olib bo‘lishini aytishmoqda.
Yana bir «tebranuvchi» shtat — Ohayoda (18 delegat) — Tramp Baydenni 4 foizlik punkt bilan ortda qoldirmoqda. Texasda (38 ovoz) u uch punktlik farq bilan oldinda, Jorjiyada esa (16 ovoz) — farq 12 punkt.
AP’ning so‘nggi prognozlariga ko‘ra, Bayden 205, Tramp esa 112 delegat ovoziga egalik qilmoqda. Fox News prognozlariga ko‘ra, Baydenda saylovchi delegatlarning 207 ovozi bor, Trampda - 148. CNN esa demokratlar nomzodiga 192 ovoz, amaldagi prezidentga 114 ovoz bermoqda.
Prezidentlikka saylanish uchun nomzod kamida 270 ovoz olishi kerak.

Mavzuga oid
15:23 / 25.05.2025
Jo Bayden saratonga chalingani e’lon qilinganidan keyin birinchi marta omma oldida ko‘rinish berdi
19:09 / 19.05.2025
Bayden saratonga chalingani haqidagi xabarlarga izoh berdi
09:57 / 19.05.2025
Tramp saraton kasalligi aniqlangan Baydenni qo‘llab-quvvatladi
08:24 / 19.05.2025