O‘zbekiston | 20:21 / 07.11.2020
9348
3 daqiqa o‘qiladi

«Hajm bo‘yicha cheklov bo‘lmaydi» – Energetika vaziri o‘rinbosari AGTKSdagi vaziyat haqida

Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov 1 noyabrdan avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS) kuz-qish mavsumiga o‘tishi, cheklovlar joriy qilinishi bo‘yicha xabarlarga izoh berdi.

«Asosiy vazifamiz – birinchi navbatda aholini, ijtimoiy sohani gaz bilan ta'minlash. Cheklovlar deganda biz ularning kunlik yoki oylik sotish hajmlariga cheklov qo‘yayotganimiz yo‘q. Avvallari, har bir AGTKSga limit qo‘yilardi. Ya'ni bir oyda 500-1000 metr kub gazdan ko‘p sota olishmasdi. Yigirma kunda sotib bo‘lsa, undan keyin qimmatroq narxdan to‘lab, limitdan tashqari hajmlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishardi.

Hozirgi masalaga keladigan bo‘lsak, ularda hajm bo‘yicha cheklov bo‘lmaydi. Hozir ishlab chiqyapmiz: gazga talab ko‘payadigan paytda, masalan, hamma uyga qaytib kelib, ovqat qilish, uylarini isitish, suv isitishga gaz yetkazib berish uchun tizimdagi gaz hajmini bir maromda qilib berishimiz kerak.

Ma'lum bir tarmoqlarda aholiga ketgan tarmoqlarda ishlab chiqaruvchilar va AGTKSlar ko‘p ulangan joylari bor. Toshkentni oladigan bo‘lsak, Toshkent halqa quvurlar tizimi bor, bu tizim aholiga tarqatish uchun qilingan tizim bo‘lgan. Kelajakda bunchalik ko‘p AGTKS qurilishi inobatga olinmagan.

Hozirgi kunga kelib, respublikada mingga yaqin avtomobillarga kompressorda gaz siqib berib quyish shoxobchalari mavjud bo‘lib, bu MDH davlatlarini oladigan bo‘lsak, soni bo‘yicha ham eng ko‘plardan biri», dedi Behzod Normatov.

Vazir o‘rinbosari mazkur tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmaganini aytib o‘tdi.

«Hozir o‘ylab chiqyapmiz: tizim bir me'yorda ishlashi uchun gazni ishlatish pik davrlarida kompressor stansiyalarini ma'lum bir vaqtga, 4 yoki 5 soatga o‘chirib tursakda, shu paytda aholiga mavjud bo‘lgan quvurlar orqali bir me'yorda yetib borishini ta'minlab bersak.

Texnik va texnologik shartlardan kelib chiqib, shu vaqtga kamaytirib turadigan bo‘lsak, preferensiyalar berilmasdan, shuni odilona, respublika bo‘yicha hammaga qiladigan bo‘lsak, hozirda quvurlarda bor gaz hammaga, eng chekkadagi iste'molchiga yetib borishini ham ta'minlab bergan bo‘lamiz», dedi vazir o‘rinbosari.

U bu borada hali bir to‘xtamga kelinmaganini ta'kidladi. Bunga sabab sifatida mahalliy hokimiyat bilan kelishish va joylarda chiqib o‘rganib, vaqti kelishib olinishi kerakligi aytildi.

  • Bundan avvalroq 1 noyabrdan metan «zapravkalar» sutkasiga 12 soat ishlamaydigan tartib joriy qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid