O‘zbekiston | 11:29 / 04.12.2020
31766
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi O‘zbekistonga olib kelindi

Bugun, 4 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasining sanoat va savdo vaziri Denis Manturovning shaxsan o‘zi koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini Toshkentga olib keldi.

Foto: minpromtorg.gov.ru

Vazirlik xabariga ko‘ra, vaksinalarni Sanitariya epidemiologiya xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev qabul qilib olgan.

«Mamlakatga namunalar sinovdan o‘tkazish, ro‘yxatga olish va O‘zbekiston hududida sanoat uslubida ishlab chiqarish uchun taqdim qilindi», – deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda Rossiya vaksinasining sinovlari Belarus, Venesuela, BAA va Hindiston kabi davlatlarda o‘tkazilmoqda. Xorijdan turib vaksina sinovlarida qatnashayotganlarning umumiy soni 5 ming kishidan, mamlakat ichidagi ko‘ngillilar esa 40 ming kishidan oshib ketgan.

Shuningdek, hozirgi kunda Hindiston, Braziliya, Xitoy, Janubiy Koreya va yana 4 ta mamlakatdagi zavodlarda «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 million dozaga chiqarish borasida kelishuvga erishilgan.

Ma'lumot uchun, Rossiyada avgust oyida «Sputnik V» vositasi koronavirusga qarshi vaksina sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Rossiyada ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasining 1 dozasi narxi xorij bozori uchun $10dan oshmaydi. Shuningdek, vaksina samaradorligi dastlabki emlashdan 42 kun o‘tib, 95 foizdan oshgani ma'lum qilingandi.

Ayni damda dunyoda AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya va Germaniyada koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish ishlari davom etmoqda. Oldinroq Britaniyada ham keyingi haftadan koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlanishi ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid