O‘zbekiston | 13:47 / 08.12.2020
28959
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarining ish vaqti cheklandi

Joriy yilning 7 dekabridan Toshkent shahridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari yangi jadval asosida ishlaydi. Bu haqda «Hududgaz Toshkent» direktori vazifasini bajaruvchi Dilshod G‘ofurov tomonidan gaz zapravkalari rahbarlariga yuborilgan xatda ma'lum qilingan.

Foto: KUN.UZ

Qayd etilishicha, havoning keskin sovib ketishi sabab aholini, ijtimoiy va strategik obektlarni uzluksiz gaz bilan ta'minlash maqsadida Toshkentdagi 54 ta gaz zapravkasining barchasida soat 17:00 dan 05:00 ga qadar gaz ta'minoti uziladi.

«Hududgazta'minot» kompaniyasi ushbu xabarni tasdiqlab, bu holatni avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari issiqlik ta'minoti bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning katta diametrli gaz trubalariga ulangani bilan izohlagan.

«Shayxontohur va Uchtepa tumanlaridagi alohida mahallalar aholisini, shuningdek, Shayxontohur, Uchtepa, Chilonzor tumanlaridagi ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obektlarni issiqlik bilan ta'minlovchi issiqlik markazlarini talab etilgan parametrlarga mos tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi bilan AGTShlarga tabiiy gaz yetkazilishini vaqtincha cheklash bo‘yicha qaror qabul qilindi», deyiladi xabarda.

«Hududgazta'minot»ning aniqlik kiritishicha, cheklov «magistral gaz quvurlaridagi bosim normallashgungacha» joriy etiladi.

Mavzuga oid