Iqtisodiyot | 15:31 / 10.12.2020
9315
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank iqtisodiyotda inflatsiyani oshiruvchi asosiy xatarlarni ma'lum qildi

Kelgusi oylarda iqtisodiyotda inflatsiyani oshiruvchi xatarlar ehtimoli past darajada saqlanib qolmoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e'lon qilingan sharhda aytiladi.

Qayd etilishicha, asosiy xatarlar oziq-ovqatlar bozoridagi qisqa muddatli tendensiyalar bilan bog‘liq. Mavsumiy omillar, raqobat sharoitlari, shuningdek, jahon oziq-ovqat bozorlari kon'yunkturasi ta'sirida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarning qimmatlashishi yaqin kelajakda inflatsiyani oshiruvchi xatar sifatida qaralishi mumkin.

«Shu nuqtayi nazardan, ichki bozorda tovarlar taklifining zarur hajmini barqaror darajada ta'minlash muhim ahamiyatga ega. Bunda ushbu tovarlar guruhi uchun tarif va notarif cheklovlarni yumshatish orqali muhim iste'mol tovarlari narxlarining yanada pasayishiga erishish imkoniyati mavjud.

Ayrim tarmoqlarda narxlarning ko‘tarilishiga ishlab chiqaruvchilarni energiya resurslari bilan ta'minlashdagi uzilishlar sababli xarajatlarning ko‘payishi va ishlab chiqarishning vaqtincha to‘xtashi sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, iqtisodiyotda kredit yuki (iqtisodiyotdagi kredit qo‘yilmalarining YaIMga nisbati) o‘sish sur'atlarining tezlashishi kuzatilmoqda. Yil yakuni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkichning YaIMga nisbatan 48-50 foizgacha yetishi kutilmoqda, 2017 yil oxirida YaIMga nisbatan 35-37 foiz atrofida shakllangan», - deyiladi MB ma'lumotida.

Ta'kidlanishicha, 2020 yil yakuni bo‘yicha yillik inflatsiya darajasining 11-11,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Asosiy ssenariy bo‘yicha 2021 yilda inflatsiya darajasining yillik 9-10 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Mavzuga oid