Jamiyat | 11:06 / 14.12.2020
17035
7 daqiqa o‘qiladi

Urganch tumanida issiqxona uchun ajratilgan yerda noqonuniy uy-joylar qurilmoqda

Urganch tumanida issiqxona qurish uchun ajratilgan 1 gektar sug‘oriladigan yer maydonida turar joylar qurilmoqda. Issiqxona qurish uchun yer ajratish to‘g‘risidagi hokim qarorida mazkur yerda faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishi lozimligi ko‘rsatilib, qurilish qilmasligi haqida ogohlantirilgan edi. Hokimlikning esa bu ishlardan «xabari yo‘q».

Xorazm viloyati, Urganch tumani, «Oqariqlar» mahallasi hududidagi 1 gektar yerda uy-joylar qurilishi boshlandi. Hokimlik bu yerni fuqaroga «yengil tipdagi konstruksiyali issiqxona» uchun ajratgan edi.

Nima voqea yuz berdi?

2020 yil 11 may kuni Urganch tumani hokimligi tomonidan Shohnurbek Davletovga «Yengil tipdagi issiqxona» qurish uchun yer maydoni ajratish haqida 1307q-sonli qaror qabul qilindi. Uni tuman hokimi Frunze Sharipov imzolagan.

Qarorda J.Manguberdi massivi qishloq xo‘jaligi yer xaritasining 466q va 468q konturlaridan 43 bonitet ballga ega 1 gektar yer maydoni doimiy foydalanish uchun Shohnurbek Davletovga ajratilgani, fuqaro yer maydonida issiqxona tashkil qilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishi shartligi, bu joyda zinhor qurilish qilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Biroq ayni paytda bu hududda noqonuniy uy-joy qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Shu yerda ishlayotgan ustalarning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil boshiga qadar barcha ishlar yakuniga yetkaziladi.

Yer ajratilishida Yer kodeksiga amal qilinmagan

«Oqariqlar» mahallasidagi bu yerlardan so‘nggi 20 yil davomida 146 oila tomorqa sifatida foydalanib, qo‘shimcha daromad olib kelayotgan edi. Ammo shu yilning bahorida yerlar davlat zaxirasiga qaytarib olindi va turli maqsadlarda boshqa shaxslarga ajratib berildi. Yer kodeksiga ko‘ra, bu jarayonni amalga oshirishda tomorqa yer egalarining roziligi olinishi lozim.

Tomorqasi olinganlar orasida shu mahallada yashovchi Abdurahmon Xusinov ham bor. Uning tomorqasi Shohnurbek Davletovga ajratib berilgan yerda joylashgan edi.

«Tomorqa yerimda qurilish ishlari boshlab yuborildi. Shundagina yer boshqa shaxsga ajratib berilganini bildim. Hozir u yerda uy-joylar qurilmoqda va aholiga taklif qilinmoqda. Tomorqadan 20 yil davomida foydalanganman, barcha soliqlarni to‘laganman», — deydi u.

Urganch tumani yer resurslari va davlat kadastri bergan ma'lumotga ko‘ra, yer maydonini Shohnurbek Davletovga ajratib berish jarayonida fuqaro Abdurahmon Xusinovning roziligi olinmagan.

Vaholanki, Yer kodeksining 23-moddasida egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish (realizatsiya qilish) faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qo‘yilganidan (sotib olinganidan) keyin amalga oshiriladi.

Urganch tumanida hech kim, hech narsani bilmaydi!

Issiqxona qurish uchun ajratilgan yer egasi Shohnurbek Davletovdan holat bo‘yicha izoh so‘radik. U yer maydonida issiqxona qura olmaganini va uni boshqa bir shaxsga sotganini ma'lum qildi.

«Bu yer maydoni menga yengil tipdagi konstruksiyali issiqxona qurish uchun ajratilgan edi. Ammo men uni qurolmadim va bu yerni boshqa bir shaxsga sotdim. Qurilayotgan uy-joylar meniki emas, ularning egasi kimligini bilmayman. Aniqlab, keyin o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman», — dedi Shohnurbek Davletov. Shundan so‘ng qayta aloqaga chiqmadi.

Ammo bu hududda ishlayotgan ustalar uy-joylarning egasi Shohnurbek Davletov ekanini, agar sotib olmoqchi bo‘lsak, aynan u bilan bog‘lanishimiz lozimligini aytib, telefon raqamini berishgan edi.

Urganch tumani hokimligining issiqxona qurish uchun yer ajratilishi haqidagi qarori ijrosini nazorat qilish hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Hamid Ataxanovga yuklatilgan. Biz undan holat bo‘yicha izoh so‘radik.

«Ha, bu qarorning ijrosini nazorat qilish meni zimmamga yuklatilgan, ammo u yerda nima qurilayotganidan bexabarman. Bunday qarorlar ijrosini zimmamga yuklamasliklarini so‘raganman», — dedi u gapni qisqa qilib.

Qiziq, Urganch tumani hokimligi issiqxona qurish uchun 1 gektar yer ajratish haqida qaror qabul qilsa-yu, ammo uning ijrosini nazorat qilmasa, u joyda nima qurilayotganini bilmasa, unda bu hokimlikning vazifasi nima? Davlatning «ko‘chada qolgan» yeri bormi? Davlat manfaatini hokimlik himoya qilmasa, kim himoya qilishi kerak? Ma'lum maqsadda ajratilgan, ammo noqonuniy qurilishlar qilinayotgan, biz bilmaydigan  yana qancha yer maydoni bor?

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Urganch tumani hokimligida hech kim, hech narsani bilmaydigan bo‘lib chiqmoqda. Yer egasi uni kimga sotganidan, qaror ijrosi zimmasiga yuklatilgan mulozim esa u yerda nima qurilayotganidan bexabar.

Qonunga ko‘ra, hokimlik qarori bekor qilinishi lozim

Shohnurbek Davletov ajratilgan 1 gektar yer maydonida faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishi lozimligi, qurilish qilmasligi haqida ogohlantirilgan. Bu haqda hokim qarorida alohida ko‘rsatib qo‘yilgan. Qonunga ko‘ra, qarorda ko‘rsatilgan shartlar bajarilmasa, bu qaror bekor qilinishi va yerlar davlat zaxirasiga qaytarilishi shart.

Urganch tumani hokimligi tomonidan maqsadli ravishda ajratilgan boshqa yerlarning qarori va ularning ijrosi huquq tartibot idoralari, jumladan, prokuratura tomonidan qo‘shimcha tekshirilishi lozim, deb hisoblaymiz. Chunki Urganch tumani hokimligi bu vazifasini bajarmayapti, aniqrog‘i bajarishni istamayapti.

Hozirgi vaqtda issiqxona uchun ajratilgan yerda qurilayotgan noqonuniy uy-joylar sotib olish uchun aholiga taklif qilinmoqda. Vaholanki, uy-joylar qurib bitkazilgan taqdirda ham, hokimlik qarori yo‘qligi bois, ularni kommunikatsiya tizimlariga, elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi tarmog‘iga ulab bo‘lmaydi. Ammo, uy-joylarni taklif qilayotganlar barcha hujjatlari borligi va kommunikatsiya tizimlariga ulanishini va'da berishmoqda. Ular bu ishni qanday amalga oshirmoqchi? Bu ham hozircha noma'lum.

29 oktyabr kuni Abdurahmon Xusinov 20 yil davomida foydalangan, soliqlari to‘langan tomorqasining qaytarilishini so‘rab, tuman prokuraturasiga shikoyat xati bergan. Ammo, maqola e'lon qilingan vaqtda ham (qariyb bir yarim oy!) prokuraturadan bu murojaatga hech qanday javob bo‘lmagan.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid