O‘zbekiston | 21:49 / 21.12.2020
26500
5 daqiqa o‘qiladi

Yurist islom dinidagi mahrni O‘zbekiston qonunchiligiga kiritish taklifini bildirdi

Toshkent shahar reabilitatsiya va moslashtirish markazi direktori, yuridik fanlari doktori Gulchehra Matkarimova 21 dekabr kuni o‘tkazilgan Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya yig‘ilishida mazkur masala haqida gapirdi. Yuristning aytishicha, bugungi kunda mulkiy senz o‘ta dolzarb. Chunki oilani uy-joy bilan ta'minlash erkakning zimmasida bo‘lsa-da, buni bajarmayotganlar ko‘payib ketmoqda. Natijada ayollar va bolalar jabr ko‘rmoqda.

«Mulkiy senz masalasi bugungi kunning eng dolzarb muammosi. Erkak ayolni 3-4 nafar bolasi bilan ko‘chaga haydab chiqarib qo‘yadi-da, yana boshqa ayolni olib kelib o‘zi nikoh o‘qib ham yashayveradi. Narigi ayol ko‘chadan kira olmaydi. Kiraman desa na qaynona, na qaynota va na mahalla kiritadi. Chunki agressordan hamma qo‘rqadi.

Demak, bu holat Ma'muriy va Jinoiy kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritishni taqozo qiladi.

Mulkiy senz qo‘yilishi kerak deganimning ma'nosi shuki, uylanishdan oldin yigitlar yashash uchun xotinini qayerga olib borishini o‘ylab ko‘rsin. Ota-onasini uyigami yoki o‘zining mulki bormi?

Masalan, Misrda erkaklar o‘zi va oilasi yashashi uchun aniq uy-joy topmaguncha uylanishmaydi. Eronda ham juda katta cheklov qo‘yilgan mahr masalasida.

Biz ham diniy e'tiqodimiz nuqtai nazaridan 90 foizdan ortiq aholi musulmon bo‘lsa, nima uchun mahr bilan bog‘liq bo‘lgan senzni qo‘ya olmaymiz. Balki hech bo‘lmasa, eksperiment qilib ko‘rish kerakdir.

Masalan, Toshkent shahri misolida. Ajrashadigan bo‘lsa, xotiniga uy-joyni tashlab ketish imkoni bo‘lsagina uylansin. Bo‘lmasa uylanmasin.

Yuridik fanlari doktori Gulchehra Matkarimova

Ajrashish ularning shaxsiy ishi. Bunga aralashmoqchi emasmiz. Birga yashab qola olmasa ajrashsin. Lekin bolalarchi?! Eshikdan kirmasdan darrov bolali bo‘lishadida, bir yildan keyin qarabsizki, ajrashgan bo‘ladi. Bunaqa muammolar son mingta. Shuning uchun men o‘ylaymanki, bunday holatlarga qarshi kurashni qonunga o‘zgartirish kiritishdan boshlashimiz kerak», dedi markaz rahbari.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda Gulchehra Matkarimova ayoliga zulm qilayotgan erkaklarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish kerakligi, ular qonundan cho‘chimayotgani to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini aytib o‘tdi. Xususan, bu borada qonunlarga o‘zgartish kiritish zarurligini ta'kidladi.

«Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan birgalikda ishlamasak bo‘lmaydi. Chunki Oila, Ma'muriy va Jinoyat kodekslaridagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim moddalarga o‘zgartish kiritish zarur.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga nazar solsak, agressorga nisbatan munosabat judayam yumshoq va yengil jazolar beriladi. Ular jazodan qo‘rqmaydi. Mana misol, Mirzo Ulug‘bek tumanida ayoliga «gorshokdagi fikale»ni yedirgan odamga 3 yil qamoq jazosi berildi. Ammo sudyani aybdor qila olmaysiz. Chunki u qonundan tashqariga chiqa olmaydi. Qonunda shunaqa belgilangan. Ikkinchi qismga o‘ta olmaydi. Chunki tan jarohatlari og‘ir emas deb berilgan. Lekin badanida sog‘ joyi yo‘q edi. Ammo yengil tan jarohati deyildi. Shuning uchun ham 1-qismga o‘tib 3 yil berildi.

Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda «ha, demak odamni o‘ldirib yuborsa ham bo‘laverar ekanda O‘zbekistonda», degan ma'noda uni bilib-bilmasdan juda ko‘p muhokama qilishyapti.

Qonundan chetga chiqa olmasligimiz aniq fakt. Shuning uchun qonunlarga o‘zgartish kiritishni taklif qilaman. Ishchi guruh ishlashi kerak», dedi yurist yig‘ilishdagi nutqida.

Mavzuga oid