Jahon | 15:37 / 22.12.2020
35628
10 daqiqa o‘qiladi

Navalniy «o‘z qotili» bilan telefon suhbatini e'lon qildi. Asosiy ma'lumotlar

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy Youtube-kanalida o‘zining zaharlanishi bilan bog‘liq shov-shuvli ma'lumotni e'lon qildi. U suiqasdda ishtirok etgani aytilgan FXX xodimlaridan biri bilan telefon orqali o‘zini tanitmasdan gaplashgan. Bu Bellingcat, Der Spiegel va CNN nashrlarining Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha o‘tkazgan qo‘shma surishtiruvida tilga olingan shaxslardan biri. U o‘z javoblarida Navalniyning kiyimini tozalash uchun Omskka uchganini tan olgan.

YOUTUBE/NAVALNY

Videorolik e'lon qilinishidan bir necha soat o‘tib FXX bu telefon muloqotini «sahnalashtirilgan» deb atadi, Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha G‘arb nashrlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv esa Rossiya FXXni obro‘sizlantirishga qaratilgan «rejalashtirilgan provokatsiya» sifatida baholandi.

Siyosatchi «o‘z qotillaridan biri» bilan qanday bog‘langan?

14 dekabr kuni e'lon qilingan surishtiruvda Rossiya federal xavfsizlik xizmatining Navalniyning zaharlanishida qatnashgan xodimlari keltirilgandi. Navalniy qo‘shma surishtiruv e'lon qilinishidan bir necha soat oldin unda nomi keltirilgan odamlarga telefon qilishni boshlagan.

Navalniyning aytishicha, u e'lon qilgan telefon suhbatidagi inson FXX kriminalistika instituti xodimi Konstantin Kudryavsev bo‘lgan. Bu xodim ittifoq davrida kimyoviy qurol ishlab chiqarilgan Shixandagi harbiy qismda xizmat qilgani aytiladi. Navalniy raqamni o‘zgartiruvchi dastur orqali o‘z raqamini xuddi FXX ishchi raqamiga o‘xshatib o‘zgartirgan va Kudryavsevga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning yordamchisi deb tanishtirgan va Kudryavsev o‘ziga ishdan qo‘ng‘iroq bo‘layotganiga ishongan.

«Hisob-kitob oddiy. Ertalab soat yettidagi qo‘ng‘iroq, tanish xizmat raqamini ko‘rasan, go‘shakni ko‘tarasan va gaplashishni boshlaysan. Men qo‘ng‘iroq qilganlarning deyarli barchasi javob berdi, deyarli barchasi tezda go‘shakni qo‘ydi. Keyin esa bizni katta omad kutib turgandi», deya hikoya qildi Navalniy.

  • FXX xodimlarining Navalniyga suiqasd uyushtirgani haqidagi surishtiruvda ishtirok etgan CNN telekanali aniqlik kiritishicha, Navalniy avvaliga telefon muloqotlarida o‘zining kimligini yashirmagan, faqat Kudryavsev bilan suhbatda o‘zini Patrushevning yordamchisi sifatida tanishtirgan.

40 daqiqadan oshiqroq davom etgan suhbatda Kudryavsev ekani aytilayotgan shaxs unga Xavfsizlik kengashi xodimi emas, Aleksey Navalniy qo‘ng‘iroq qilayotganini sezmagan.

Suhbatning to‘liq rasshifrovkasi The Insider saytida keltirilgan.

Suhbat nima haqda bo‘lgan

The Insider nashri qayd etishicha, qo‘ng‘iroq vaqtida Navalniy Kudryavsev uni kuzatganlar orasida bo‘lganini, shuningdek, Berlindagi klinikaga olib ketilganidan keyin bu shaxs Omskka uchganidan xabardor bo‘lgan.

Avvalroq Navalniy va surishtiruvchi jurnalistlar Kudryavsev Omskka siyosatchining kiyimidagi «Novichok»ni yo‘qotish uchun uchganini taxmin qilishgandi. Muloqot davomida Kudryavsev amalda bu taxminni tasdiqlagan va unga bir uyum kiyim bilan, jumladan, kalta ishton (trusik) bilan ishlash topshirilganini aytgan. Ximikdan ichki kiyimning ichki tomonlariga alohida e'tibor qaratish so‘ralgan.

Shundan so‘ng, uning so‘zlariga ko‘ra, «barcha kiyimlar mahalliy yigitlarga qaytarilgan». Navalniyning savoliga javoban, u ichki kiyimlar toza holda o‘z egasiga qaytarilganini tasdiqlagan.

Navalniy uni go‘yoki Tomskda zaharlash operatsiyasi nega muvaffaqiyatsiz chiqqani borasida so‘roqqa tutgan. Kudryavsev o‘zi bilmagan holda operatsiya borasida barcha haqiqatlarni gapirib bergan.

U operatsiyani yaxshi rejalashtirilgan deb hisoblashini ma'lum qilgan, Navalniy o‘lmay qolganini esa vaziyatning o‘zgarishi bilan bog‘lagan.

«Agar samolyot ko‘proq vaqt osmonda qolganida, tez qo‘ndirilmaganida... Qo‘nish yo‘lagida kutib turgan shifokorlarning tezkor harakati bo‘lmaganida... ehtimol, barchasi bunday bo‘lmasdi», degan u.

Navalniyning suhbatdoshi operatsiyada qatnashgan yana bir FXX xodimi - Vasiliy Kalashnikovning nomini tilga olgan, bu shaxsning familiyasi avvalgi surishtiruvda aytilmagandi. Kalashnikov biologik namunalardagi nervni falaj qiladigan agentlarning metabolitlarini aniqlash sohasida ekspert hisoblanadi. Navalniy komaga tushganidan keyin operatsiyaga boshchilik qilgan Stanislav Makshakov Kalashnikovga qo‘ng‘iroq qilgan. The Insider’ning taxmin qilishicha, u Navalniyning qonida zahar aniqlanmagani tufayli uni Omskdan Berlinga olib ketish mumkinligi to‘g‘risida qaror qilgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Kudryavsev unga kiyimlarni tozalash uchun FXXning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hududiy boshqarmasi rahbari bo‘lgan «Mixail» berganini aytgan va uning telefon raqamini Navalniyga bergan.

Navalniy hududiy boshqarma rahbari bo‘lgan Mixail Yevdokimovga ham qo‘ng‘iroq qilgan, go‘shakni ko‘targan shaxs Omskda Navalniyning «tanasini yuvish» amaliyoti o‘tkazilganini, siyosatchining kiyimlarini Kudryavsevga berganini tasdiqlagan, ammo Navalniy bilan operatsiyani himoyalanmagan telefon tarmog‘i orqali batafsil muhokama qilishdan bosh tortgan.

Navalniyning aytishicha, bu suhbat shaxsan Putin tomonidan o‘ylab topilgan rejani to‘liq ochib tashlagan: «Biz ularni devorga tiradik. Hech kimni sudga bermoqchi emasman, shunchaki rossiyaliklarga murojaat qilmoqchiman: sizni aldayotganlarini ko‘ringlar. Bilaman, Rossiyada yaxshilar yomonlardan ko‘p, bo‘lmasa men ham omon qolmasdim. Agar samolyot vaqtida qo‘nmaganida, tez yordam xodimlari vaqtida og‘uga qarshi ukol qilishmaganida, men o‘lgan bo‘lardim. Siz yaxshilar sabab men yomonlarning hujumidan omon qoldim. Ishonchim komil, bir kun kelib yaxshilik albatta yomonlik ustidan g‘alaba qozonadi», degan Navalniy.

Uning aytishicha, telefonda gaplashgan odam shubhasiz Konstantin Kudryavsev va buni har qanday ekspertiza aniqlab berishi mumkin. Zobit operatsiyada qatnashgan boshqa odamlarning ismini ham aniq sanab bergan.

Navalniy o‘zining zaharlanishi haqidagi surishtiruvni AQSh maxsus xizmatining ma'lumoti asosida tayyorlanganini aytgan Vladimir Putinning so‘zlarini inkor qilib, maqoladagi ma'lumotlarni har qanday odam internetda topishi mumkinligini ma'lum qilgan. «Bu shaxsan Putinni siyosiy raqibidan xalos qilish operatsiyasi edi», deb qo‘shimcha qilgan muxolifatchi.

«Maxsus xizmatlarning o‘sib borayotgan quloqlari»

Bellingcat, Der Spiegel va CNN nashrlarining qo‘shma surishtiruvlari 14 dekabr kuni e'lon qilingandi. Unda Navalniyning zaharlanishiga uni qariyb to‘rt yildan buyon kuzatib kelgan FXX xodimlari aloqador bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.

Jurnalistlar telefon qo‘ng‘iroqlari va parvozlar bo‘yicha ma'lumotlarni tahlil qilishgandi. Olingan ma'lumotlar asosida tergov mualliflari siyosatchiga suiqasdni Tomskda FSB kriminalistika instituti niqobi ostida harakat qilgan FSB maxfiy bo‘limining 8 nafar tezkor xodimi tomonidan amalga oshirilgan, degan xulosaga kelgandi. Ular turli vaqtlarda Navalniyni kuzatishgan, jumladan, siyosatchining zaharlanishidan bir necha kun oldin kuzatuvlar tiklangandi.

Tekshiruvchilar nomlarni keltirgan hamda Navalniyni avvaliga Novosibirskda, keyin u zaharlangani taxmin qilingan Tomskda kuzatgan uch xodimning suratlarini e'lon qilishgandi, ularning tasdiqlashicha, yana besh nafar xodim ishning borishini nazorat qilishgan va Omskka (siyosatchi samolyotda o‘zini noxush qilgach, uchuvchilar shu shaharga favqulodda qo‘nishni amalga oshirishgandi) kelishgan.

17 dekabr kuni har yilgi press-konferensiya vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Navalniy FXX xodimlari tomonidan zaharlangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi tekshiruvni «Amerika maxsus xizmatlari materiallari legallashtirilishi» deb atadi. Shu bilan birga, u amalda Navalniy Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan kuzatilgan bo‘lishi mumkinligini tan olib qo‘ygandi.

«Berlin klinikasidagi o‘sha bemorga kelsak, men ko‘p marta aytganman, faqat ba'zi narsalarni takrorlashim mumkin. Xabarim bor, kecha Peskov menga bu haqdagi so‘nggi uydirmalar va bizning maxsus xizmatchilarimiz ma'lumoti haqida xabar berdi. Quloq soling, bu qandaydir surishtiruv emas, bu Amerika maxsus xizmatlarining materiallarini legallashtirish. Bizning maxsus xizmatlarimiz buni biladi va ma'qul topsa, telefondan foydalanadi. Berlin klinikasidagi bemor Amerika maxsus xizmatlari ko‘magidan foydalanadi. Shunday ekan, Rossiya maxsus xizmatlari, albatta, uni kuzatishi kerak», degandi Putin.

Shu bilan birga, u bu degani uni zaharlash kerak degani emasligini qo‘shimcha qilgandi. «U kimga kerak o‘zi? Agar biz (zaharlashni) xohlaganimizda, ish oxiriga yetkazilardi. Rafiqasi [Navalniyning] menga murojaat qildi, men esa o‘sha zahoti jamoaga uni Germaniyaga davolanish uchun yuborishga ko‘rsatma berdim», degandi prezident.

Keyinroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Navalniy nega nazorat ostida bo‘lgani haqida gapirgandi. U jurnalistning nima uchun Navalniy kuzatilgani to‘g‘risidagi savoliga shunday javob bergandi: «Prezident sababini aytdi, nega uni kuzatish kerakligini aytdi - maxsus xizmatlarning quloqlari ko‘paymoqda. Biz ham bir necha marta hukumatni ag‘darishga qaratilgan chaqiriqlar ko‘plab savollarni tug‘dirayotgani haqida aytganmiz».

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Navalniy e'lon qilgan bu suhbat soxta ekanini ma'lum qilib, raqamni almashtirish orqali telefon qilish Rossiyaga qarshi bir necha marta ishlatilgan uslub ekanini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid