O‘zbekiston | 21:55 / 27.12.2020
19428
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Toshkent metrosining Sergeli yo‘nalishi ishga tushdi

26 dekabr kuni Sergeli tumani aholisiga qulaylik yaratuvchi ikki infratuzilma obekti – yer usti metrosi va yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi.

Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishini barpo etish bo‘yicha ishlar 2017 yilda boshlangan edi. 82,66 mln dollarlik loyiha estakadalardagi 7 km temir yo‘l va 5ta bekatni o‘z ichiga oladi.

Bekatlarda axborot tablolari, quvvatlash moslamalari, panduslar o‘rnatilgan. Yo‘nalish ichida harakatlanish 1 yanvargacha bepul.

Poyezdlar tonggi soat 5:00dan 23:00ga qadar qatnamoqda. Yaqin kunlarda 24:00ga qadar ishlash rejimiga o‘tiladi.

Shuningdek, tumanda yangi avtomobil ko‘prigi ham ochildi.

Ushbu yo‘l o‘tkazgich – Sergelini shahar markazi bilan bog‘lash uchun muqobil yo‘llarni tashkil etish rejasining bir qismi.

Ayni paytda tumanni shahar markazi bilan bog‘lovchi faqat bitta yo‘l bor – Yangi Sergeli ko‘chasi. Shuning uchun ham bu ko‘chada tirbandliklar ortib bormoqda.

Yangi ko‘prik – Yangi Sergeli ko‘chasi boshlangan joy, xalq tilida «Yarmarka» deb ataluvchi, tumanning eng gavjum nuqtalaridan birida joylashgan. U Qipchoq ko‘chasini Toshkent halqa avtomobil yo‘li bilan bog‘laydi.

Boshqacha aytganda, endilikda Sergeli tumanidan mahalliy aeroport, Qo‘yliq bozori va Mirobod tumani massivlariga borishning muqobil varianti paydo bo‘ldi.

Bu esa Yangi Sergeli ko‘chasining «Yarmarka»dan «O‘zgarish»gacha bo‘lgan qismida avtomobil yuklamasini pasaytirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Cho‘ponota ko‘chasidan to‘g‘ri Sergeliga borish imkonini beradigan yana 2ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, 6 km masofada yangi yo‘l quriladi, yo‘l o‘tkazgichlar Kichik halqa yo‘li va Toshkent halqa yo‘li ustidan o‘tadi.

Mavzuga oid