O‘zbekiston | 15:10 / 30.12.2020
13784
2 daqiqa o‘qiladi

Osh ham ko‘mirda damlandi. Chustning Qoraqo‘rg‘onida o‘tgan bir tun

Kun.uz sayti chekka hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar hayoti bilan tanishish maqsadida «Qishloqda bir tun» loyihasini tasvirga olib kelmoqda.

Bu safargi bir tun Namangan viloyati, Chust tumanining chekka qismida, qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegarada joylashgan «Qoraqo‘rg‘on» mahallasida o‘tdi.

Bu mahallada bugungi kunda 420 nafar qirg‘izlar, 600 nafar tojiklar, 3335 nafar o‘zbeklar istiqomat qiladi. Qisqacha qilib baynalmilal mahalla desa ham bo‘ladi. Mahalla aholisi dehqonchilik, bog‘dorchilik hamda chorvachilik bilan shug‘ullanadi.

Shu yerda yashovchi Komiljon Matqulovning uyiga tashrif buyurishimizdan ozgina o‘tib, elektr ta'minotida uzilish ro‘y berdi. Mezbonning qo‘lbola fonaridan foydalangan holda suhbatni davom ettirdik.

Noyob qushlarni boqish Komiljon akaning sevimli mashg‘uloti ekan. U qishloq sharoiti bo‘lishiga qaramay, uyida ko‘plab sayroqi qushlarni parvarishlaydi.

Uy egalari xonadonni isitish uchun asosan ko‘mir yoqishadi, Qirg‘izistondan keltirilgan ko‘mir ham ovqat pishirish, ham choy qaynatishga asqatar ekan. 

Uy bekasi Jirg‘albu Mirzaaxmetova biz uchun oshni o‘sha ko‘mirdan yoqib damladi.

Asli Qirg‘izistonda tug‘ilgan Jirg‘albu Mirzaaxmetova shu yil O‘zbekiston fuqaroligini olgan. Uning aytishicha, o‘zi va qizlari hozirda ishsiz. «Agarda mahallada birorta tikuvchilik sexi yoki fabrika bo‘lganida jon deb ishlagan bo‘lar edik», – deydi uy bekasi.

Ha, aytgancha, chiroq 30 daqiqalar ichida yondi. Bu qishloqda qish mavsumida har kuni kuzatiladigan holat.

«Qoraqo‘rg‘on» mahallasi «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. Komiljon akaning aytishicha, ichimlik suvidan boshqa muammolarda ishlar oxiriga yetkazilgan. Birgina ichimlik suvi masalasi hal etilmagan. Hozirda aholi ariq hamda buloq suvidan iste'mol qilib yashamoqda.

Mavzuga oid