O‘zbekiston | 17:53 / 31.12.2020
3665
10 daqiqa o‘qiladi

«O‘zmilliybank» tarixiy-me'moriy yodgorliklarni ta'mirlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda

Xivaning dunyoga mashhur Ichanqal'a tarixiy va me'moriy yodgorliklar majmuasi necha asrki sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortib keladi. Istiqlol davrida, ayniqsa, so‘nggi uch-to‘rt yilda qadim kent tom ma'noda sayyohlik shahriga aylandi. Buning uchun yaratilgan mustahkam zamin eng zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishga qodir mehmonxonalar qurilishi, muzeylar fondlari boyitilishi va shaharga temiryo‘l kelishi, tezyurar yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi orqali to‘la namoyon bo‘ldi.

O‘tgan yili shaharga oldingi yillardagiga nisbatan besh hissa ko‘proq sayyohlar tashrif buyurgani xalqaro va ichki turizmni rivojlantirish tizimidagi jadal islohotlar samarasidir.

Ichanqal'adan kunbotish tomonga besh yuz qadamcha yursangiz «Nurullaboy» saroyiga borasiz. 1893-1904 yillarda Xiva xoni Muhammad Rahimxon Soniy farmoni bilan qurilgan bu me'moriy obida Dishanqal'a hududida bo‘lib, o‘z vaqtida xonlar uchun yozgi qarorgoh vazifasini o‘tagan. O‘z davrida Sharq va G‘arb me'morligi an'analari asosida qurilgan va yurtimizda yagona bo‘lgan saroyga yondosh joyda chet ellik mehmonlarni qabul qilish uchun alohida qarorgoh ham barpo etilgan. Baland eshik va derazalar Xiva yaqinidagi Oqmachit qishlog‘ida yashagan mennonit mazhabiga mansub nemislar tomonidan yasalgan. Yana o‘sha davr uchun hududda yangilik tarzida saroy xonalariga golland rusumidagi pechlar ham qurilgan.

Rasmiy qabullar saroyi

Bu obida vaqt kelib tarixiy vazifasidan ayro tushish asnosida hatto me'moriy ko‘rkini yo‘qotish darajasiga borgani ham ayni haqiqat. Ushbu majmua aynan davlat rahbarining 2017 yildagi tashabbusiga asosan Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki mablag‘lari hisobidan to‘la qayta ta'mirlandi. Eng muhimi, o‘sha yili boshlangan bu mas'uliyatli jarayon yurtimizning eng mashhur ustalari tomonidan tarixiy obidaga shikast yetkazmagan holda mohirona amalga oshirildi. Bu jarayon ikki bosqichda va uch yil ichida sifatli yakuniga yetkazilganligi ham uning qanchalik murakkab va noyob jarayonligidan dalolat beradi.

Ikkinchi umrini boshlagan tarixiy-me'moriy obida zimmasiga endilikda yangi mas'uliyatli vazifa yuklandi. Bu vazifa ayni damda yurtimizning turistik salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlarga mos va xosdir. Prezidentimizning yurtimizda turizmni yanada rivojlantirish borasidagi tarixiy qarorlari hamda 2017 yil 17 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida ushbu ulkan saroyda xalq hunarmandligi namunalari ko‘rgazmasini tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi va qisqa fursatda amalga oshirildi. Asrni qaritgan me'moriy obida asliyatni saqlagan holda tamomila yangilangan va yana ko‘plab asrlarni, avlodlarimiz va sayyohlarni o‘z ko‘rinishi, salobati bilan hayratga soladigan koshonaga aylandi.

«Nurullaboy» madrasasi

Saroy ko‘p xonali. Ayni paytda xonalari keng – o‘ziga xos me'moriy bichimga ega. Aynan mana shu sifatlari bois saroyda tasviriy san'at va milliy hunarmandlik ko‘rgazmalari ochish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlar yaratilishi tabiiy edi. Aynan ushbu maqsad orzudan amaliyotga aylandi.

«Nurullaboy» madrasasi
«Nurullaboy» madrasasi

Rahima Azimxo‘jayeva, O‘zbekiston Tasviriy san'at galereyasi bosh mutaxassisi:

– «Nurullaboy» saroyi har qanday ko‘rgazmalar uchun o‘ziga xos ajoyib maskan. Majmuada qo‘shimcha ko‘rgazma maydonining yaratilishi O‘zbekiston Tasviriy san'at galereyasi badiiy faoliyatini kengaytirish yo‘lida yangi sarhadlarni ochmoqda. Galereya fondida tashkil etiladigan va doimiy ravishda yangilanib turiladigan ekspozitsiyalar mahalliy tomoshabinlar va xorijlik sayyohlarni Milliy bankimizning boy to‘plami bilan tanishtirishda juda katta imkondir. A'lo darajada jihozlangan katta badiiy galereyada fondimiz ixtiyoridagi qirqdan oshiq asarlar to‘plami namoyish qilinyapti.

Tasviriy san'at galereyasi

Ilgari ko‘pgina san'at asarlarini poytaxtga kelib tomosha qilish orzusida bo‘lgan ixlosmandlar ko‘rgazmamizdan g‘oyat minnatdor ekanini izhor qilishmoqda. Faqat bugina emas. Eng asosiysi, mazkur ko‘rgazma san'at ixlosmandlari, sayyohlarni yurtimizning taniqli hamda yosh rassomlari ijodi bilan tanishtirish imkonini yaratadi. Rejalarimizda kelgusida «Nurullaboy» majmuasida rassomlar uchun maxsus qarorgoh tashkil qilish belgilangan. Bu yerda vaqtincha bo‘lsa-da yashab, ijod qiladigan rassomlar noyob me'moriy yodgorliklar, o‘ziga xos milliy an'analar, xalq hunarmandchiligi namunalari, qisqacha aytganda, mahalliy kalorit ta'sirida yangidan yangi san'at asarlari yaratishlariga boy ilhom manbai bo‘ladi.

Birinchi o‘zbek suratchisi va kinooperatori Xudoybergan Devonov Xivada tug‘ilgan va umri shu yerda kechib, o‘zidan juda katta milliy boylik qoldirgan. «Nurullaboy» saroyida ilk o‘zbek foto va kinooperatori Xudoyberdi Devonov ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan fotogalereya ham ish boshlagan. Galereyada o‘tgan asr boshlari va uchinchi o‘n yilligigacha bo‘lgan davrda Xorazmning tarixi, odamlari, an'analari, urf-odatlari aks etgan noyob suratlar namoyish qilinyaptiki, ajdodlar hayoti va yashash tarziga qiziquvchi tomoshabinlarni galereyadagi har bir surat o‘ziga tortmoqda, maftun etmoqda. Shundan galereyani ko‘rish ishtiyoqida bo‘lganlar soni kundan kunga oshib boryapti. Xorijiy sayyohlar uchun bu suratlar yurtimiz tarixining go‘yo jonli manzaralari. Galereyada Xudoybergen Devonov suratga olgan tarixiy hujjatli filmlar ham namoyish qilinadi.

Xudoybergen Devonov fotogalereyasi

Muqaddam O‘zbekistonning birinchi fotografi va kinochisining fondi Ichanqal'adagi kichkina bir binoning torgina ikki xonasida joylashgan edi.

Jahongir Temirxo‘jayev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori:

– Tarixiy-madaniy merosni ko‘z qorachig‘idek asrash mustaqillik davrimizning eng ustuvor siyosati darajasiga ko‘tarildiki, buni davlat rahbari va hukumatimiz qabul qilgan qator farmon va qarorlarda ko‘ryapmiz. Jahon olimlari yurtimiz o‘ziga xos taraqqiyot tamaddunlaridan biri bo‘lganini allaqachon tan olishgan. Bugun ajdodlarimizdan bizga nafaqat ular bunyod etgan me'moriy obidalar, balki amaliy san'at, milliy hunarmandlik namunalari ham meros qolganki, ularni asrash va ayni paytda yosh avlodni tanishtirish orqali milliy qadriyatlarimizga hurmat va e'tibor ruhida tarbiyalashga katta ahamiyat berilayotgani bejiz emas. Shu ma'noda «Nurullaboy» saroyida tashkil qilingan milliy hunarmandlik namunalari ko‘rgazmalari ezgu ishlarimizning yorqin va ajoyib namoyishi bo‘lyapti.

Milliy bank tomonidan «Nurullaboy» majmuasida tashkil qilingan qabullar uyi, amfiteatr bilan bir qatorda faoliyat boshlagan xalq hunarmandligi ustaxonalari ko‘p asrlik tariximiz guvohi bo‘lgan osori-atiqalarni asrash bilan bir qatorda, ajdodlarimiz san'at darajasiga ko‘targan hunarmandlikka yoshlarni qiziqtirish, o‘rgatish, an'analar bardavomligini saqlashga xizmat qiladi.

Xorazm amaliy san'at ko‘rgazmasi

Bu yerda necha ajdodlari milliy hunarmandlikni kasb qilgan va avlodlardan avlodlarga meros sifatida davomiy qoldirib kelayotgan xivalik hunarmandlar sulolalari o‘z ustaxonalariga ega bo‘lishgani va amaliy san'atni yoshlarga o‘rgatishayotgani jahon ahliga boy tarixiy merosimizni targ‘ib qilishda katta maydon vazifasini o‘taydi, albatta. Negaki, shaharga va, shubhasiz, «Nurullaboy» saroyiga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar amaliy san'at namunalarini esdalik uchun xarid qilishadi. Shu taxlit besh qit'ada umrboqiy Xiva va uning o‘lmas hunarmandlik maktabi namunalari paydo bo‘ladi. Amaliy san'at bir mitti ko‘zacha timsolida okeanlarni kesib o‘tadi, boshqa millat va xalqlarga bizning boy tariximizdan so‘zlaydi.

Ibrohim Xo‘ja uyi

Ilgari Ichanqal'adagi ko‘kka bo‘y cho‘zgan Islomxo‘ja minorasi shaharning o‘ziga xos ramzi sanalardi. Bugun bu ramz yoniga «Nurullaboy» majmuasi ham qo‘shildi va bu atama dunyoning barcha tillarida talaffuz qilinib, o‘ziga xos targ‘ibot vositasiga aylandi. «Nurullaboy» saroyi orqali qadim Xiva yana bir bitmas-tuganmas milliy boylik egasiga aylandi.

Hali yurtimizda bunday «ochilmagan qo‘riq»lar qancha? Ularni ochayotgan va ikkinchi umr baxshida qilishda o‘z moliyaviy ko‘magini ayamagan «O‘zmilliybank» kabi tashkilotlarning ham sa'y-harakatlari tahsinga loyiq.

«O‘zmilliybank» matbuot xizmati

Mavzuga oid