Jahon | 01:37 / 07.01.2021
40782
3 daqiqa o‘qiladi

Kongressda tartibsizlik: vitse-prezident evakuatsiya qilindi, namoyishchilarga o‘q uzildi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

AQSh poytaxti Vashingtonda amaldagi prezident Donald Trampning tarafdorlari tartibsizlik keltirib chiqardi. Ular AQSh prezidentlik saylovlarida Jo Baydenning g‘alabasi rasman tasdiqlanishi kutilgan yig‘ilish vaqtida Kongress oldida tartibsizlik keltirib chiqarib, oxir-oqibat Kapitoliy binosiga bostirib kirishdi.

Politsiya qarshiligiga qaramay, Trampning yuzlab tarafdorlari qarshilikni davom ettirishdi va ularning bir guruhi Kongress binosigacha bostirib kirdi. Tartibsizliklar bino ichida ham davom etib, namoyishchilar politsiya bilan mushtlashib ketdi. Kongress Arizonadagi ovoz berish natijalarini rasman tasdiqlaganidan bir necha daqiqa o‘tib namoyishchilar Kapitoliyga kirgan. Oldinroq bir qator respublikachi senatorlar Arizonadagi ovozlarni tasdiqlashga qarshi chiqqandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Donald Tramp namoyishchilar Kongress binosiga bostirib kirgach, ularga murojaat qilib, tartib saqlashga chaqirdi: «Iltimos, Kapitoliy politsiyasiga qarshilik qilmang, ular chindan Vatanimiz tomonda. Tinchlaning», deb yozdi Tramp o‘z sahifasida.

Biroq prezidentning murojaati odamlarni tinchitmadi, ular Senat yig‘ilish zaliga kirib, kengashning kreslosigacha o‘tirib olishdi. Tartibsizlik oqibatida AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi. Bir kishi yaralangani ma'lum. Senat va vakillik palatasi tartibsizlik sabab yig‘ilishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi va Baydenning saylovdagi g‘alabasini tasdiqlash kechikadigan bo‘ldi.

Vakillar palatasi spikeri, Trampning doimiy tanqidchisi bo‘lgan Nensi Pelosi milliy gvardiyadan Kongressni namoyishchilardan «tozalash»ni talab qildi. Pentagon esa Washington Post'ga ko‘ra, Kapitoliyga milliy gvardiya zobitlarini yuborishga rozi bo‘lmadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Kongress ichkarisida vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. Trampning tarafdorlari Kapitoliy ichkarisida  tartibsizliklarni to‘xtatmayapti. Kapitoliy qo‘riqchilari namoyishchilarni ogohlantirishga chaqirib, qurollarni o‘qtalgani tasvirlangan suratlar tarqaldi. Namoyishchilar AQSh uchun tarixiy ahamiyatga ega Kapitoliy binosi ichkarisida eshik va derazalar, mebellarni sindirgan.

Namoyishchi qizlardan biri politsiya yoki Kapitoliy qo‘riqchilari tomonidan otildi. Bu holat ko‘ringan video internetda tarqaldi.

Ma'lumot uchun, 3 noyabr kuni o‘tkazilgan AQSh prezidentligi uchun saylovlarda demokratlar vakili Jo Bayden katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan, biroq mag‘lubiyatni tan olishni istamayotgan amaldagi prezident Donald Tramp raqibi «ovozlar o‘g‘irlangani» oqibatida g‘alaba qozonganini aytishdan charchamayapti. Saylov natijalari bugun Senat va Vakillik palatasi qo‘shma yig‘ilishida rasman tasdiqlanishi kerak edi. Baydenning inauguratsiya marosimi 20 yanvar kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid