Jahon | 20:15 / 08.01.2021
8621
2 daqiqa o‘qiladi

OAVda Germaniya kansleri lavozimini egallashi mumkin bo‘lgan siyosatchi ma'lum qilindi

Germaniya kansleri Angela Merkel o‘rniga sog‘liqni saqlash vaziri, Xristian-demokratik ittifoq partiyasi a'zosi Yyens Shpan o‘z nomzodini ilgari surmoqchi. E'tiborlisi, Shpan oxirgi vaqtda tobora tanilib bormoqda.

Foto: DPA

Bild nashrining siyosiy doiralardagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Shpan bunday ssenariyni o‘z partiyasi yetakchilari bilan muhokama qilmoqda. Partiyaning 15-16 yanvardagi yig‘ilishida partiya raisi saylovlari bo‘lib o‘tadi. Bu lavozimga uch kishi, jumladan Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri bosh vaziri Armin Lashet da'vogarlik qilmoqda.

Shpan Lashet jamoasida ishlaydi. An'anaga ko‘ra partiya yetakchisi kansler bo‘lishi kerak, biroq bu qoida rasman hech qayerda mustahkamlanmagan. Shu sababli Shpanning reytingi Lashetnikidan yuqori bo‘lsa, u o‘z nomzodini kansler lavozimiga ilgari surishi, Lashet esa partiyaga rahbarlik qilishi mumkin.

Hozirda partiyaga Merkelning o‘rnini egallagan Annegret Kramp-Karrenbauer rahbarlik qilmoqda. 2020 yil fevralda Kramp-Karrenbauer partiya prezidiumiga rais lavozimidan ketmoqchiligini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, siyosatchi kansler lavozimiga saylovlarni tashkillashtirib, so‘ngra partiya raisi lavozimini tark etmoqchiligini ma'lum qilgan.

Merkel Kramp-Karrenbauer bilan uchrashuvda unga minnatdorlik bildirgan va uning mudofaa vaziri lavozimida qolishiga umid bildirib qolgan.

26 sentyabrda bundestagga saylovlar bo‘lib o‘tadi va uning natijalariga ko‘ra yangi hukumat shakllanadi. Hozirda Merkel kansler lavozimini qatorasiga 4-muddatga va 5-muddatga o‘z nomzodini ilgari surmaslikka qaror qilgan.

Mavzuga oid