Talabalar Toshkentga qaytdi. Toshkent ularni sevmaydi
Oliy ta’lim maskanlari 11 yanvardan an’anaviy ta’limga qayta boshladi. Kun.uz O‘zbekiston poytaxtining asl uysizlari muammosini o‘rgandi.
O‘zbekistondagi OTMlar turar joyga talabgor talabalarning 27 foizini yotoqxona bilan ta’minlay oladi xolos.
Turar joyga muhtoj har 10 nafar talabadan 7 nafari o‘zi uchun boshpana topishga majbur.
Ayni kunlarda talabalar poytaxtga qaytmoqda. «Kvartira» bozorida talab birdaniga oshgan, shunga yarasha narx ham ko‘tarilgan.
Boz ustiga, aksariyat uy egalari talabalarni ijaraga qo‘yishni istamaydi. Ular ko‘p hollarda uyini qonuniy nikohdan o‘tgan oilaga ijaraga berishni ma’qul ko‘radi.
Kun.uz muxbiri talabalarning turar joyi muammosini o‘rganish uchun Toshkentdagi uy bozorida talabalar, maklerlar va uy egalari bilan suhbatlashdi. Muammo yechimi yuzasidan esa mas’ullarga murojaat qildi.
Uy bozorida sarson studentlar
«Chilonzor» metro bekati yaqinidagi uy bozori shu kunlarda talabalar bilan gavjum. Ularning ko‘pchiligi bu yerga birinchi marta kelishi emas.
Ulardan ishlar qalay deb so‘rasangiz, aksariyati bir xil javob beradi: «Studentlarni qo‘ymaymiz deyishyapti», «Narxlar oshib ketibdi».
Maklerlardan birining aytishicha, uy egalari doim talabalardan noliydi: «Kvartira pulini vaqtida to‘lamaydi», «Uyning tozaligiga bee’tibor», «Kelishilgandan ko‘p odamni uyga olib keladi» va hokazo.
«Uy egalari ko‘pincha oila so‘rashadi. Talabalar tozalikka rioya qilmasligi, uyga notanish odamlarni olib kelishidan shikoyat qilishadi. Talabalar aksariyat hollarda uy egasining ishonchini yo‘qotgan, kommunal to‘lovlarni vaqtida to‘lamagan», – deydi makler.
«Kechirasiz-u, talabalar 3–4 kishi turamiz deydi-da, 8–10 kishi bo‘lib ketadi. Hammayoqni chirk bostirib yuboradi», – deydi uy egalaridan biri.
«Uyni yaxshi saqlamaydigan, betartib talabalar kasriga orasta yashovchi ko‘plab talabalar uy topolmay sarson bo‘lyapti», – dedi uy izlayotgan talaba.
Ijaraga kvartira yo‘q emas, bor, lekin narxi...
Ma’lum bo‘lishicha, hozir Toshkent shahridan 1 xonali ijara uylarni hamyonbop narxda topishning deyarli imkoni yo‘q.
«Bir xonali, metrodan ancha uzoq, transport borishi qiyin joylardagi uylarni 230 dollardan ijaraga beryapti. Ustiga-ustak uyga faqat 2 kishi qo‘ya olamiz, deyishdi. Bu degani 1 kishiga 115 dollardan to‘g‘ri keladi.
O‘zimiz karantinda qiynalib, kontraktni stipendiyasiz to‘ladik. Bunday narxda turishga imkoniyatimiz yetmaydi», – deydi Sharqshunoslik instituti talabasi Jo‘rayev Nurali.
Kvartira puli dollarda hisob-kitob qilinadi – uy egalari shuni talab qiladi. Bu degani, dollar kursi oshishi talabaning ijara xarajatlarini ham oshiradi.
Ijara haqi ko‘pincha kommunal to‘lovlarni o‘z ichiga olmaydi. Ya’ni buning uchun alohida to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Darvoqe, makler haqi ham bor. Uy bozoridagi qoidaga ko‘ra, maklerga birinchi oydagi ijara pulining yarmi to‘lanadi. Ya’ni kvartira 300 dollarga kelishilsa, makler xizmati uchun 150 dollar to‘lash zarur.
Yashashga joy topolmayotgan talabalar onlayn o‘qishi mumkinmi?
Bu savolga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov quyidagicha javob berdi:
«Noyabr oyida, an’anaviy ta’limga qaytilgan vaqtda OTMlar har bir talabani alohida o‘rganib, ularning kasalligi, ijtimoiy holatidan kelib chiqib, masofaviy ta’limda qolish imkoniyatini berib keldi. Ammo bu toifaga tushmaydigan, barcha sharoiti bor talabalarning masofaviy ta’limda qolish imkoniyatlari bu safar yo‘q.
Talaba bilimli mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun an’anaviy ta’limda o‘qishi kerak. Xohlaymizmi-yo‘qmi, masofaviy ta’lim sifati ancha farq qiladi».
Vazirlik vakili an’anaviy kunduzgi ta’limga imkoniyati yetmayotgan talabalar o‘qishini sirtqi yoki kechki ta’lim shakliga o‘tkazishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Hukumat nima qilmoqchi?
Noyabr oyida Kun.uz'da e’lon qilingan maqolada talabalar turar joylari borasidagi xorij tajribasi misol qilib keltirilgan edi. Gap nima haqida ketayotganini payqash uchun Yaponiyada qurilgan talaba uylaridan ayrimlarining suratlariga qarash kifoya:
O‘zbekistonda OTMlarga qabul kvotalari yildan yilga oshyapti. Shunday sharoitda talabalar xotirjam o‘qib, yashashi uchun davlat nimalar qilmoqchi?
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bazarovning ma’lum qilishicha, hozir respublika bo‘yicha 600 mingdan ortiq talaba tahsil olsa, shundan 218 mingdan ortig‘i turar joyga muhtoj. Yotoqxonalar soni 227ta, ulardagi o‘rinlar turar joyga muhtoj talabalarning 27 foiziga yetadi. Qolgan 70 foiz talaba qarindoshinikida yoki ijarada yashashiga to‘g‘ri keladi.
«Xo‘sh, bu borada nima ish qilinyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Hozirgi kungacha davlat-xususiy sherikchilik asosida talabalar turar joyi qurish tajribasi mavjud emas edi. Bu yildan boshlab, talabalarni turar joy bilan qamrab olish konsepsiyasini ishlab chiqdik. Unga ko‘ra, DXSh asosida har biri 400 nafardan talabani sig‘diradigan talabalar turar joylari qurilishi rejalashtirilyapti.
Bu borada 2021–2025 yilga mo‘ljallangan dasturni ishlab chiqib, taklif sifatida kiritdik. Bu tasdiqlanadigan bo‘lsa, 2021 yilning o‘zida 21ta TTJ quriladi va qo‘shimcha 8200 talaba yotoqxona bilan ta’minlanadi», – dedi vazirlik boshqarma boshlig‘i.
Uning aytishicha, o‘z uyidan uzoqda yashovchi, demakki turar joyga muhtoj talabalarning yotoqxona bilan ta’minlanishi ko‘rsatkichini 2020/21 o‘quv yili oxirigacha 35–36 foizga, 2025 yilgacha 50 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
2030 yilgacha esa motel va hosteller ham qurilib, ularning hisobiga talabalarning 90 foizga yaqini turar joyga ega bo‘lishi ko‘zda tutilyapti. Eslatib o‘tamiz, bu – hozircha loyiha; u hali tasdiqlanganicha yo‘q.
Maqolamizni muxtasar ta’kid bilan yakunlamoqchimiz: Chinakam taraqqiyotni ko‘zlagan davlat tolibi ilmlarni boshiga ko‘tarishi, ularga sharoit qilib berishi kerak.
Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024