Sport | 11:34 / 15.01.2021
10960
3 daqiqa o‘qiladi

Bektemir Meliqo‘ziyev va Sergey Kovalyov jangi bekor qilindi

Foto: DAZN

Rossiyalik bokschi Sergey Kovalyov o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyevga qarshi jangidan oldin doping-testdan o‘ta olmadi. Jang 30 yanvarga belgilangandi. Bu haqda TASS axborot agentligiga vaziyatdan xabardor manba ma'lum qilgan.  

“Biz VADA’dan olingan noxush yangilikdan xabardormiz. Sergey Kovalyov ko‘p yillar davomida VADA’da tahlil topshirib, “toza” bokschi ekanini isbotlagan. Sergeyning ta'kidlashicha, u hech qanday taqiqlangan moddani ataylab qabul qilmagan. Biz u qabul qilgan vositalarni tekshirganmiz va VADA’dan ikkinchi namunani ham tekshirib ko‘rishini so‘raymiz”, deb ma'lum qilgan manba.

Doping borligini ko‘rsatgan namuna Kovalyov tomonidan 2020 yil 30 dekabrda topshirilgan. Bokschi “B” namunaning ham ochilishini so‘ramoqda. Ma'lum qilinishicha, rossiyalikning namunasida sintetik testosteron aniqlangan.

VADA’da ushbu vaziyatga izoh berilmagan. Keyinroq jang bekor qilingani ma'lum qilingan. Kovalyovning murabbiyi Baddi Makgirt TASS’ga o‘z shogirdi dopingdan yiqilganidan bexabarligini aytgan.

Kovalyovning promouteri Keti Duva ayni vaqtda “B” namuna ochilishi masalasi hali aniq bo‘lmagani va bokschi qabul qilgan qo‘shimchalar taqiqlangan moddalarga tekshirilishini ma'lum qilgan.

Bektemir Meliqo‘ziyevning manfaatlarini bildiruvchi “Mir boksa” kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiy barcha tegishli jarayonlardan o‘tilmaguncha taqiqlangan moddalar qabul qilingani haqida xulosa chiqarishga hali erta ekanini aytgan.

Sergey Kovalyov 2014 yildan 2016 yilgacha WBA va IBF, 2013-2016, 2017-2018 va 2019 yillarda WBO chempionlik kamarlariga egalik qilgan. 37 yoshli rossiyalikning hisobida 34ta g‘alaba, 4ta mag‘lubiyat va bitta durang natija bor. U oxirgi marta 2019 yil noyabrda ringga ko‘tarilib, meksikalik Saul Alvaresga mag‘lub bo‘lgandi.

24 yoshli hamyurtimiz Bektemir Meliqo‘ziyev professional boksdagi faoliyatini 2019 yil iyundan boshlagan va shu kungacha 6ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. U oxirgi jangini 2020 yil oktyabrda meksikalik Alan Kampaga qarshi o‘tkazib, 2-o‘rta vaznda WBO Inter-Continental chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. 

Mavzuga oid