Xorazmdagi manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha prokuraturaga so‘rov kiritildi - Aksilkorrupsiya agentligi
Xorazmda viloyat hokimi o‘rinbosarining ukasiga tegishli kompaniya 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini yutgani, hokim o‘rinbosari Bahrom Qurbonov o‘zi esa tender komissiyasi raisi bo‘lgani ma'lum qilingan edi.
18 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Xorazm viloyati hokimligi yagona buyurtmachi IK tomonidan 2020 yilda o‘tkazilgan bu tender savdolarining qonunlarga mosligi o‘rganib chiqilganini ma'lum qildi.
Bildirilishicha, Xorazm viloyati hokimining 2020 yil 21 fevraldagi qarori bilan tender komissiyasi tarkibi tasdiqlangan bo‘lib, komissiya raisi sifatida viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari B.Qurbonov, komissiya raisi o‘rinbosari sifatida hokimlik huzuridagi yagona buyurtmachi IK direktori Q.Rahimov belgilangan.
Boshlang‘ich narxi qariyb 20,4 milliard so‘m «Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish» obekti bo‘yicha «BUNYODKOR» MChJ, «URGANCH QURILISH BETON» MChJ va «IRDIMZON QURILISH» xususiy korxonasi ofertalar taqdim qilgan.
2020 yil 23 iyun kungi bayonnomaga ko‘ra, «BUNYODKOR» MChJ qariyb 20,2 milliard so‘m taklif qilgan holda tender g‘olibi bo‘lgan.
Ma'lum bo‘lishicha, 11 iyun va 23 iyun kunlari o‘tkazilgan tender savdo yig‘ilishlarida, komissiya raisi (B.Qurbonov) va uning o‘rinbosari (Q.Rahimov) aslida ishtirok etmagan bo‘lsa-da, mazkur yig‘ilish bayonnomalarini imzolab tasdiqlagan.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida «BUNYODKOR» MChJning ta'sischisi Ulug‘bek Sharipovich Qurbonov Xorazm viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari – tender komissiyasi raisi Bahrom Sharipovich Qurbonovning tug‘ishgan ukasi ekani tasdiqlangan.
Bu – «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi 472-sonli qonunning 5-, 19-, 39– moddalariga zid.
Bundan tashqari, viloyat hokimligining 2020 yil 11 iyundagi farmoyishiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash obektlarini foydalanishga qabul qilish hududiy davlat komissiyasi tarkibida B.Sh.Qurbonov hududiy davlat qabul hay'ati raisi sifatida belgilangan.
«Kelgusida, Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish obektida qurilish va ta'mirlash ishlari yakunlangach, mazkur obektni foydalanishga qabul qilish jarayonida, turli qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida mazkur obektni qabul qilishda B.Sh.Qurbonovning davlat qabul hay'ati raisi sifatida faoliyat yuritish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq», – deyiladi agentlik axborotida.
Ta'kidlanishicha, qayd qilingan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan viloyat hokimi o‘rinbosari B.Qurbonov, yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi direktori Q.Rahimov va boshqalarning xatti-harakatlari yuzasidan Xorazm viloyati hokimligiga korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan.
Bundan tashqari, Xorazm viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi viloyat hokimligi yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslarga nisbatan JKning 205-moddasi bilan qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi tergovi jarayonida B.Qurbonov, Q.Rahimov va boshqalarning xatti-harakatlarini tergov yo‘li bilan tekshirib, qonuniy baho berish va tergov natijalari to‘g‘risida agentlikka axborot berish yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasiga so‘rovnoma yuborilgan.
Mavzuga doir:
Navoiyda amaldorlarning oilasiga tegishli kompaniyalar davlat tenderlarida g‘olib bo‘lgan
Andijonda davlat obektlarini qurish qarindosh-urug‘lar o‘rtasida taqsimlab olingan
Mavzuga oid
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
12:08 / 27.09.2024
Xorazmda MChJ mas’ul shaxslari ijtimoiy soha obektlariga beriladigan ko‘mir uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirdi
18:40 / 18.09.2024
Urganch davlat universiteti tomonidan o‘tkazilgan tenderda qonunbuzilishi aniqlandi
16:06 / 08.08.2024