Jamiyat | 19:36 / 20.01.2021
10509
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bemorlar order asosida imtiyozli davolanishining yangi tizimi joriy etilmoqda

Toshkentdagi 11ta shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari bilan bir qatorda 64ta oilaviy poliklinikaning oila shifokori tomonidan ham davlat budjeti hisobidan davolanish uchun yo‘llanmalar (order) beriladigan bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining tegishli buyrug‘i qabul qilindi.

  • Ayni paytda poytaxt aholisiga davlat tomonidan kafolatlangan budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy xizmat birlamchi tibbiy sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi muassasalarda, jumladan, oilaviy va markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalar hamda barcha dispanserlarning ambulatoriya xizmati tomonidan ko‘rsatilmoqda. Shu paytgacha statsionar sharoitda bemorlar uchun davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar ijtimoiy, yuqumli kasalliklari bo‘lgan, onalik va bolalik yo‘nalishi hamda shoshilinch tibbiy yordam talab etiladigan barcha holatlarda ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, respublika tasarrufidagi tibbiyot muassasalari (klinik shifoxonalar va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari) hamda shahar klinik shifoxonalari tomonidan faqatgina imtiyozga ega bo‘lgan aholi qatlamiga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Ammo aholining imtiyozga ega bo‘lmagan qatlami (18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan ayollar) uchun rejali ravishda statsionar sharoitida ixtisoslashgan tibbiy yordam olish uchun sharoit yaratilmagan edi. Ushbu fuqarolarning aksariyati rejali statsionar sharoitida davolanish uchun tibbiyot muassasalarining pullik xizmat bo‘limlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan. Endilikda bu holatlarga barham berildi. 

Prezidentning 2020 yil 12 noyabrdagi «Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan joriy qilingan yangi tizimga ko‘ra, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi barcha tibbiy muassasalar (1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-son shahar klinik shifoxonalari, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasi, shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar teri-tanosil kasalliklari dispanseri hamda boshqarma tasarrufidagi barcha tug‘ruq komplekslari) order tizimiga o‘tkazildi.

Cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari - Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov SSV matbuot xizmatining bu o‘zgarish bo‘yicha savollariga javob bergan. Xususan, davolanish uchun xarajatlar qanday ta'minlanishiga oydinlik kiritilgan.

«Har bir orderning ortida o‘rtacha 2,5-3 million so‘m xarajat yotibdi. Biz shahar tibbiyot muassasalari miqyosida oyiga 5 mingdan ortiq shunday orderlar ajratdik va statsionar muassasalarga taqsimladik.

Shunday qilib, yil davomida ilk bor imtiyozga ega bo‘lmagan 60 ming nafardan ortiq fuqaro budjet mablag‘lari hisobidan kafolatlangan rejali statsionar davolanishga erishiladi. Ushbu o‘rinlar soni ehtiyojdan kelib chiqqan holda, strukturaviy o‘zgarishlar asosida o‘rin joylarni va kerakli bo‘limlarni kengaytirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar natijasida Respublika muassasalariga bo‘lgan murojaatlar keskin kamayishiga erishiladi», deya Anvar Alimovning so‘zlarini keltirmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Shuningdek, Toshkent shahrida bemorlarning order asosida imtiyozli davolanishining yangi tizimi qanday afzalliklarga egaligi to‘g‘risida aytib o‘tilgan.

«Bugungi kunda yangi tartib asosida bemor bevosita oila shifokori tomonidan beriladigan yo‘llanma (order) asosida  hech qanday to‘lovsiz va navbatsiz rejali ravishda davolanish huquqiga ega bo‘lmoqda.

Shu orqali Toshkent shahri aholisining imtiyozsiz aholi qatlamini rejali statsionar sharoitda davolash, sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari belgilash maqsadida klinik shifoxonalarda 29ta yo‘nalish bo‘yicha 1 140ta o‘rin-joy tashkillashtirildi (ixtisoslashtirilgan xirurgiya yo‘nalishida 443, terapiya - 245, endokrinologiya - 125, kardiologiya - 130, nevrologiya - 113, revmatologiya - 42, allergologiya - 20, pulmonologiya - 25 va oftalmologiya 95 - o‘rin joy va boshqalar). Shu tariqa, poytaxtda imtiyozga ega bo‘lmagan aholiga statsionar sharoitida davolanish uchun order olish mumkin bo‘lgan tibbiy muassasalar soni 11tadan 75taga oshirildi. 

Bugungi kunda o‘tkazilayotgan xatlov yakuni bilan rejali ravishda statsionar sharoitida davolanishga muhtoj bo‘lgan bemorlarning kasallik yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha bo‘limlarni tashkillashtirish rejalashtirilgan.

Bu loyiha, o‘z navbatida, tibbiy xizmat sifatini va shifokorlar malakasini ham yanada yuksaltirishni talab qiladi. Shuning uchun, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining yuridik maqomga ega bo‘lmagan 11ta filialini ochish bo‘yicha memorandumlar imzolandi. 

Hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida yangi 20 o‘rinli neyroonkologiya, shahar 1-son klinik shifoxonasida 20 o‘rinli kattalar uchun gematologiya, shahar 4-son bolalar klinik shifoxonasida esa 20 o‘rinlik bolalar uchun gematologiya bo‘limi tashkil etildi.

Toshkent shahrida yashovchi bemorlarga malakali kardiologik, terapevtik, endokrinologik, travmatologik, oftalmologik, neyroxirurgik, urologik, nevrologik, xirurgik va gemodializ yo‘nalishlari bo‘yicha malakali tibbiy xizmatlarni tashkillashtirish va yuqori texnologik amaliyotlarni o‘tkazish ishlarini samarali ta'minlash imkoniyati yaratildi.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahri aholisiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, moddiy imkoniyati cheklangan bemorlarni vaqtida davolash maqsadida kiritilayotgan bunday o‘zgarishlar poytaxtimizning tibbiy landshaftini yaxshilashga va aholining salomatlik ko‘rsatkichlarni yuksaltirishga xizmat qiladi», degan Anvar Alimov.
 

Mavzuga oid