Jahon | 20:26 / 20.01.2021
7561
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp prezidentligining oxirgi kuni 73 kishini afv etdi

AQSh prezidenti Donald Tramp prezidentlik muddatining oxirgi kuni 73 kishini afv etdi va yana 70 kishining jazosini yengillashtirdi. Afv etilganlar orasida uning sobiq maslahatchisi Stiven Bennon ham bor.

Foto: Getty Images

Shuningdek, Tramp Respublikachilar partiyasining siyosiy maslahatchisi, 2020 yil iyulda firibgarlik uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Pol Eriksonni hamda amerikalik tadbirkor Elliott Broydini afv etgan.

Biroq afv etilganlar ro‘yxatida Wikileaks asoschisi Julian Assanj va Rossiyada boshpana olgan, AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden yo‘q.

Avvalroq Tramp maxsus prokuror Robert Myuller tergovi doirasida sudlangan bir qator sobiq safdoshlari, jumladan Maykl Flinni, Rojyer Stounni va Pol Manafortni afv etgandi.

Yanvar boshida OAVda Tramp prezident lavozimidan ketgandan keyin ta'qib qilinishi mumkinligidan xavotirlanib, o‘z yordamchilari bilan o‘zini muddatdan avval afv etish imkonini muhokama qilgani ma'lum qilingandi. Biroq ushbu axborotga qaramay, afv etilganlar ro‘yxatida na Trampning o‘zi va oila a'zolari, na advokati Rudi Juliani bo‘lgan.
  
CNN telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, Oq uyning huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Pet Chipollone Tramp o‘zini afv etishi uni xavfli vaziyatga qo‘yishi va prezident tomonidan o‘z aybining tan olinishi deb baholanishini aytgan. Huquqshunoslar Tramp tomonidan qizi Ivanka Tramp va kuyovi Jared Kushnerning afv etilishi imkoniyati borasida ham shunday fikrni bildirishgan.  

Bundan tashqari, advokatlar Trampga 6 yanvarda uning qo‘llab-quvvatloviga o‘tgan va Vashingtondagi tartibsizliklarga olib kelgan namoyishda ishtirok etgan respublikachi kongressmenlarni ham muddatdan avval afv etish g‘oyasidan voz kechishga chaqirishgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, gap kongressmenlar Endi Biggs, Pol Gosar va Morris Bruks haqida bormoqda.

Mavzuga oid