Fan-texnika | 23:08 / 21.01.2021
7193
2 daqiqa o‘qiladi

LG smartfonlar bozoridan ketishni rejalashtirmoqda 

LG kompaniyasi smartfonlar ishlab chiqarish bo‘yicha biznesini ziyon ko‘rayotgani sababli yopmoqchi. Bu haqda kompaniya rahbari Kvon Bong-Sokning xodimlarga yo‘llagan maktubiga tayanib Korea Herald nashri xabar berdi.  

Foto: REUTERS/Rafael Marchante

Ta'kidlanishicha, LG Electronics bosh direktori 20 yanvarda o‘z xodimlariga maktub yo‘llab, unda kompaniya smartfonlar bozoridan ketmoqchiligidan ogohlantirgan. “Bozorda raqobat juda yuqoriligi sababli, teran qaror va eng yaxshi tanlovni qilish vaqti keldi”, deb ta'kidlab o‘tilgan maktubda.

Kompaniya rahbari voqealar rivojining uch xil varianti ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qilgan. Bular: smartfonlar ishlab chiqish va ishlab chiqarish sur'atlarining qisqartirilishi, mobil biznesning sotilishi yoki uning to‘liq yopilishi. U xodimlar bundan xavotirlanmasliklarini, chunki barcha mutaxassislar har qanday holatda ham o‘z ish o‘rinlarini saqlab qolishlarini aytgan.  

Ekspertlarning baholashicha, oxirgi 5 yil ichida kompaniyaning mobil bo‘linmasi ko‘rgan zarar 4,5 mlrd dollarni tashkil qilgan. Manbalarning xabar qilishicha, agar bo‘linma yopiladigan bo‘lsa, xodimlarning 60 foizi kompaniyaning boshqa bo‘linmalariga yoki hamkor firmalarga o‘tkaziladi. 

Jurnalistlarning ta'kidlashicha, kompaniyaning mobil bo‘linmasi yopilishi mumkinligi haqidagi xabar u yangi smartfonlar yaratish bo‘yicha faol ish olib borayotgan bir vaqtda g‘alati tuyulmoqda. 

Mavzuga oid