Notarial palata: Bojning bir qismi xususiy notariuslarga to‘lanishida muammolar qolmagan
O‘zbekistonda notariuslar xususiy amaliyot bilan shug‘ullanishga o‘tishi asnosida, ayrim holatlarda undirilgan davlat bojidan ma'lum qismi ularga o‘tkazilmagan holatlar kuzatildi.
Notarial palataning 2020 yildagi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida palata bosh hisobchisi Sherzod Usmonov shu haqdagi savolga javob berdi.
«Bu masala bo‘yicha moliya vaziri bilan gaplashdik. Odatda xususiy notariuslar tushirgan davlat bojining 80 foizi mahalliy budjetga o‘tishi kerak, 10 foizi Adliya vazirligi tasarrufida qoladi. Qolgan 10 foizi notariusga tushadi va shu 10 foizning 2 foizi Notarial palataga a'zolik badali sifatida o‘tadi.
Xususiy notariuslar shaxsiy hisob raqam ochgan paytda, moliya boshqarmalarida tushunmovchiliklar bo‘lgan. Ya'ni xususiy notariusga o‘tadigan pul mablag‘lari eski davlat notarial idoralari hisob raqamiga o‘tib ketgan holatlar bo‘lgan. Tranzit hisob raqamlariga o‘tib ketgan pullarni Adliya vazirligi notariuslarga qaytargan.
Kimningdir puli qolib ketgan bo‘lsa, dekabr oyida Moliya vazirligiga borib gaplashib keldik, tushmay qolgan pullarni joriy to‘lovlar hisobidan notariuslarga o‘tkazib beradigan bo‘lishdi. Faqat notarius bu masalada murojaat qilishi kerak. Buni notariuslarga tushuntirdik.
Notariuslarning bir milliardlab pullari tranzit hisob raqamida «osilib qolgan» holatlar bo‘lgan. Ularni ham tegishli banklarga chiqib tushirtirdik. Hozirgi kunda bu borada muammolar yo‘q».
Notarial palata raisi Dilshod Ashurov masala yuzasidan qo‘shimcha qildi.
«May oyi karantin va yangi tizimga o‘tish davri edi. Bu yangi bir tizimning tashkil qilinishi va qiyin jarayon edi. Bir vaqtning o‘zida 90 foizdan ortiq notariuslar xususiy amaliyot bilan shug‘ullanishga o‘tdi.
Notariuslar hisob raqamlarining har biri 27ta xonadan iborat. Agar hisob raqamda bir son boshqasiga almashsa, boshqaning mablag‘i boshqanikiga o‘tib ketadi. Boshida notariuslarimizning o‘zlari tomonidan taqdim etilgan hisob raqamlarda ham xatolarga yo‘l qo‘yilgan edi.
Mana, hamkorlikdagi ishlar natijasida hozir deyarli kamchiliklar qolmadi. Bir milliardlab ham pullarini tushirib berdik. Bunday holatlar menimcha hozir qo‘l bilan sanaydigan darajada qoldi xolos. Hozirda bu borada muammo yo‘q», – dedi Dilshod Ashurov.
Mavzuga oid
18:10 / 19.10.2024
Yolg‘iz keksalarga va nogironlarga shahar jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi
12:25 / 01.07.2024
Notariusga bormasdan amalga oshiriladigan notarial harakat turlari ko‘paydi
11:57 / 04.04.2024
Endi farzandni chet elga olib chiqishda rozilik xatini olish uchun notariusga borish shart bo‘lmaydi
20:08 / 01.02.2024