O‘zbekiston | 20:44 / 22.01.2021
40030
5 daqiqa o‘qiladi

Professor Zarifboy Ibodullayev: Tibbiyotimizning barcha yo‘nalishlariga lobbizm kirib kelib bo‘ldi

Professor Zarifboy Ibodullayev O‘zbekiston tibbiyotida avj olayotgan farmkompaniyalar lobbisidan ogohlantirib, tezroq dalillarga asoslangan tibbiyotga o‘tishga chaqirdi.

Zarifboy Ibodullayev / Arxiv foto

22 yanvar kuni Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining ekspertlar ishtirokidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ta'limdagi muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilishda tibbiyot sohasidagi ayrim masalalar haqida ham so‘z bordi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Senat axborot xizmati

Toshkentdagi «Asab va ruhiyat» ilmiy-tibbiy markazi direktori, professor Zarifboy Ibodullayevga ko‘ra, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda insultni davolashda bir qator xato uslublardan ham foydalanilmoqda.

«O‘tkir insultda tezkor diagnostikani yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Agar bemorga insult paytida 3 soatdan 6 soatgacha tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilsa, unda falajlanish yoki nutq buzilishining oldini olish mumkin. Aytilgan vaqtda tezkor davo qilinib, yetarli e'tibor qaratilsa, bemor 6–7 kundayoq shifoxonadan chiqib ketadi.

Buning uchun tibbiyot institutlari talabalarini ham shu yo‘nalishda o‘qitish juda muhim. Tez tibbiy yordam shifokorlarini ham shu yo‘nalishda qayta o‘qitish kerak», – dedi u.

Tibbiyot fanlari doktoriga ko‘ra, muammoning asl ildizi – tibbiyotda doim ham dalillarga asoslanmayotgani va farmkompaniyalar lobbisi bilan bog‘liq.

«Tibbiyotimizning barcha yo‘nalishlariga lobbizm kirib kelib bo‘ldi. Masalan, tibbiyot yo‘nalishidagi olimlarning ilmiy konferensiyalarini o‘tkazishga farmatsevtlar homiylik qilyapti. Shuning uchun boshqa yo‘nalishdagi konferensiyalardan farqli ravishda, tibbiyot konferensiyalari yirik va hashamatli mehmonxonalarda o‘tkaziladi.

Olimlarning o‘zida katta pul yo‘q. Shu sababli bir qator olimlarning ilmiy maqolalari ham farmatsevtlar puli bilan chet el jurnallarida chiqadi.

Bundan farmatsevtlar qanday foyda ko‘radi, deysizmi? Tushuntiraman. Shifokor o‘ziga homiylik qilayotgan farmatsevtning dorisini insultda foydali, ta'siri juda yaxshi, deb maqolasiga kiritadi.

Insult bo‘lgan bemorlarga beriladigan bir nechta dorilardan tashqari qolgan dorilar ma'lum asoratlar qoldiradi», – dedi shifokor.

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda tezroq dalillarga asoslangan tibbiyotga o‘tish kerak, farmkompaniyalar lobbisini shu orqali chegaralash mumkin.

Zarifboy Ibodullayev bu fikrlarini yana insult misolida tushuntirib berdi.

«Deylik, insult bo‘lgan bemorga qon bosimini tushiradigan va og‘riq qoldiradigan yana bir nechta ukol qildingiz. Bunda shu dorilarga ketadigan pul 100 mingdan oshmaydi. Gap faqat bu dorilarni tezkorlik bilan bemorga yetkaza olishda. Chunki bu dorilarni ham 6 soatdan keyin berish foydasini ko‘rsatmasligi mumkin.

Fikrlarimga yana bir misol keltiraman. Hozir O‘zbekiston Rossiya boshchiligidagi tibbiy konsorsiumga qo‘shilgan. Shu konsorsium tartiblari doirasida rossiyalik ko‘pgina olimlar o‘zbekistonlik shifokorlarga ma'ruza o‘qib ketadi.

Bu konsorsiumni uning ayrim qoidalari tufayli Gruziya, Ozarboyjon va Armaniston davlatlari hozirgacha tan olmaydi.

Shunday qilib, rossiyalik olimlar bizning shifokorlarga insultga doir ma'lumotlar bo‘yicha chiroyli ma'ruzalar qiladi. Ammo ular shu ma'ruzalar ichida Rossiyada ishlab chiqarilgan dorilarni ham tavsiya qilib ketadi. Aytadiki, «insultda eng foydali dori shu».

Rossiya tibbiyoti allaqachon farmatsevtikaning quliga aylanib bo‘lgan. Bizda esa hali imkoniyat bor. Tezroq dalillarga asoslangan tibbiyotni o‘zimizda joriy qilishimiz kerak. Ishontirib aytaman, biz shu tufayli chetdan milliardlab dollarga keladigan dorilar va eng yomoni – qoladigan asoratlardan qutulamiz.

Tibbiyot dalillarga asoslanishi kerak», – dedi professor-nevrolog Zarifboy Ibodullayev.

Mavzuga oid