Sport | 16:56 / 25.01.2021
9099
2 daqiqa o‘qiladi

«Chelsi» Frenk Lempard iste'foga chiqarilganini e'lon qildi

Londonning «Chelsi» klubi bosh murabbiy Frenk Lempard iste'foga chiqarilganini rasman e'lon qildi. 

«Chelsi» rasmiy saytining ma'lum qilishicha, 2019 yildan buyon bosh murabbiy sifatida ishlayotgan 42 yoshli klub afsonasini iste'foga chiqarish qarorini qabul qilish oson bo‘lmagan.

«Frenk Lempardni iste'foga chiqarish qarorini qabul qilish klub xo‘jayini va direktorlar kengashiga oson bo‘lmadi. Frenkning klubda erishgan natijalari va hamkorlik uchun undan minnatdormiz. Biroq jamoaning so‘nggi uchrashuvlardagi natijasi va o‘yini klub kutayotgan maqsadlarga mos emas. Jamoa turnir jadvali o‘rtasida va «Chelsi»da o‘sish kuzatilmayapti. 

Frenk singari klub afsonasi bilan xayrlashish uchun hech qachon qulay fursat bo‘lmaydi. Ammo uzoq muhokama va chuqur tahlillardan keyin klub hozir o‘zgarishlarga muhtoj ekanligi va mavsumning qolgan qismida jamoa o‘yini va natijalar yaxshilanishi kerak degan xulosaga kelindi», - deyiladi klub bayonotida.

Avvalroq, The Athletic «Pari Sen-Jyermen» sobiq bosh murabbiyi Tomas Tuxel Frenk Lempard o‘rniga «Chelsi» bosh murabbiyiga aylanishi haqida xabar berilgandi.

Ma'lumot uchun, Lempard 2019 yilning yozidan buyon «Chelsi» bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgandi. Klub APL joriy mavsumida 19-turdan keyin 29 ochko jamg‘arib, 9-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid