O‘zbekiston | 20:30 / 25.01.2021
9530
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandliklar koronavirusga qarshi qayerda emlanadi? Viloyat SEOJSB izoh berdi

Bugun jahonning ko‘plab mamlakatlarida koronavirusga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonda ham vaksinatsiya ishlari qachon boshlanishi bilan barcha qiziqmoqda. Shu jumladan samarqandliklar ham. Kun.uz muxbiri Samarqand viloyatida ilk emlash ishlari qachon boshlanishi, qayerda va qay tartibda amalga oshirilishi haqida viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmatiga murojaat qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, hozir yurtimizning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida koronavirusga qarshi vaksinatsiya jarayoniga tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, qisqa fursatda sertifikatlangan, koronavirusga qarshi vaksina kirib kelishi bilan emlash ishlari boshlab yuboriladi.

Qayd etilishicha, birinchi galda xavf guruhi — tibbiyot xodimlari va surunkali kasalligi bo‘lgan aholi qatlamini emlash rejalashtirilgan. Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab barcha viloyatlarda ularning soni aniqlanib, ro‘yxatini tuzish ishlari olib borilmoqda.

Ta'kidlanishicha, tayyorgarlik jarayonida Samarqand viloyatidagi shahar va tumanlar kesimida kartografika tuzilib, unda emlash punkti, brigadasi va har bir brigadadagi emlanadigan aholi soni aniq ko‘rsatiladi.

Har bir davolash profilaktika muassasasi qoshida tashkil etilgan emlash punktida tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga qarshi o‘qitilib, tayyorlangan mutaxassislar, ya'ni brigada shifokori, vaksinator va ularning o‘rindoshlari emlash ishlarini amalga oshiradi.

Fuqarolarning emlanganligi to‘g‘risidagi ma'lumot mavjud hujjatlarda qayd etib boriladi. Emlangan fuqaroning talabiga ko‘ra, unga emlanganligi to‘g‘risidagi ma'lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda karantin cheklovlari to‘liq bekor qilinmagan. Jamoat joylarida niqob taqish va oraliq masofani saqlash talabi amalda. Shuningdek, turli tadbirlarni cheklangan miqdordagi mehmonlar bilan o‘tkazish belgilangan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid