O‘zbekiston | 21:49 / 26.01.2021
8313
4 daqiqa o‘qiladi

«Hududiy elektr tarmoqlari»: ASKUEni joriy qilishdagi muammolar vaqtincha

Iste'molchi to‘lovlari faqat sarf etilgan elektr energiyasi uchun hisoblanadi, deyiladi kompaniya izohida.

Foto: "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ

Kun.uz 26 yanvar kuni «Pul to‘langanda darhol yonmayotgan «svet» va oshiqcha to‘lovlar: ASKUE tizimida nima muammo?» sarlavhali maqola e'lon qildi.

Maqolada O‘zbekiston bo‘ylab joriy etilayotgan «elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi» (ASKUE) bilan bog‘liq iste'molchilar duch kelayotgan muammolar haqida so‘z boradi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ maqolaga munosabat bildirdi.

«ASKUEga ulangan iste'molchilar qarzdorligi mavjud bo‘lganda tarmoqdan avtomat ravishda uziladi va to‘lovlarni amalga oshirib, mavjud qarzdorligini so‘ndirgandan keyin tarmoqqa qayta avtomat ravishda ulanadi», – deya ta'kidlangan kompaniya bayonotida.

Qayd etilishicha, iste'molchilarga o‘rnatilayotgan hisoblagichlardan olinadigan barcha ma'lumotlar onlayn ravishda amalga oshiriladi.

«Iste'molchilar ulardagi mavjud hisoblagichlarni yangisiga almashtirilganda eski hisoblagichning yechilgan vaqtdagi ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘zining elektr energiyasidan qarzdorligiga aniqlik kiritib olishlari lozim. Yangi hisoblagich o‘rnatilgach, onlayn «billing» tizimiga bog‘lanish ma'lum vaqt talab etishi mumkin. Bu orada o‘rnatilgan yangi hisoblagich tizimga ulangunga qadar iste'mol qilgan elektr energiyasi miqdorini hisoblab boradi.

Iste'molchining hisoblagichi ASKUEga ulangandan so‘ng uning hisoblagichdagi mavjud elektr energiyasi miqdori hamda avvalgi hisoblagichidan qolgan qarzdorligi mavjud bo‘lganda, ikkalasi umumlashtirilib hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Bunday holatlarda iste'molchi to‘lov amalga oshirgan bo‘lsa ham go‘yoki qisqa muddat, ya'ni 2–3 kunda barcha pullarini yechib olinayotganday bo‘ladi. Aslida, iste'molchi avvalgi hisoblagichidan qolgan yoki yangi hisoblagichda yig‘ilib qolgan qarzdorligi bo‘yicha to‘lovlarni to‘liq amalga oshirmagan bo‘ladi.

Hozirgi kunda iste'molchilar elektr energiyasi uchun to‘lovlarni respublikamizdagi barcha tijorat banklari, ularning mobil ilovalari hamda barcha mavjud to‘lov tizimlari orqali amalga oshirishlari mumkin.

Bunda iste'molchilardan to‘lov amalga oshirish jarayonida hushyorlikni oshirish so‘raladi. Xususan, ilovalar orqali to‘lov amalga oshirilganda e'tibor qaratadigan jihati, elektr energiyasi uchun to‘lovning turi bo‘lib, bu juda ham sodda ko‘rinishda belgilab qo‘yilgan «to‘lov turi», ya'ni elektr energiyasi uchun yoki penya uchunligi tanlab olinadi. Bu imkoniyat iste'molchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida to‘lov tizimlari tomonidan yaratilgan», – deyiladi HET axborotida.

Ta'kidlanishicha, ASKUE tizimini joriy etishni to‘liq nihoyasiga yetkazish uchun belgilangan muddatlar bor. Shu jihatdan tizim to‘liq faoliyat yuritishi uchun hozirgi vaqtda ma'lum texnik kamchiliklar vujudga kelishi tabiiy.

«Shu o‘rinda elektr energiyasi istemolchilariga mazkur tizim avtomatik tarzda qarzdor istemolchilarni tarmoqdan ajratishini hisobga olgan holda, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishlari kerakligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz», – deyilgan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rasmiy munosabatida.

Mavzuga oid