O‘zbekiston | 13:57 / 31.01.2021
19688
2 daqiqa o‘qiladi

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari Olimxon Rustamov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining yangi o‘rinbosari sifatida ish boshladi.

O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 29 yanvardagi PQ-4966-sonli qarori bilan Olimxon Bakiyevich Rustamov O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Olimxon Rustamov 1966 yilda tug‘ilgan, 1989 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2005−2014 yillarda Hisob palatasida bosh inspektor, 2014−2016 yillarda — Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2016−2017 yillarda «O‘zbekneftgaz» raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, 2017−2019 yillarda Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.

U 2019 yil sentyabrida Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari (hozirgi O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari) lavozimiga tayinlangandi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O.Rustamov yangi lavozimida investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya loyihalari amalga oshirilishining samarali monitoringini olib borish, rivojlanish davlat dasturlari va investitsiya dasturlari, shu jumladan hududiy investitsiya dasturlarini ishlab chiqishni tashkil etish hamda Respublika viloyatlari va erkin iqtisodiy zonalarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga mas'ul bo‘ladi.

Shuningdek, uning vazifalariga ijtimoiy soha, turizm va qurilish materiallari tarmog‘ining sohaviy rivojlanishini muvofiqlashtirish masalalari kiradi. 

Mavzuga oid