O‘zbekiston | 17:39 / 31.01.2021
25036
6 daqiqa o‘qiladi

Yumshatish (“ь”) belgili so‘zlarning lotin alifbosidagi imlosi: nozik nuqtalar

Kirill alifbosidagi yumshatish (ь) belgisi qatnashgan bir qator so‘zlarning o‘zbek-lotin alifbosida qanday yozilishi – munozarali mavzulardan biri. Filologiya fanlari nomzodi Ravshan Jomonovning navbatdagi videodarsi shu haqda.

Aslida, o‘zbek tilida yumshoqlik va qattiqlik hodisasi mavjud emas. Bu rus va boshqa tillarga xos hisoblanadi. Lekin 1940-yildan buyon anchagina so‘zlar rus tilida qanday berilsa, shu taqlidda yozib keldik. Vaholanki, bu belgi o‘zbeklar nutqida biror-bir maʼno ajratish xususiyatiga ega emas. Ilmiy tilda aytganda fonologik vazifa bajarmaydi.

Lekin biz ularni yozishga majburmiz. Chunki kirill yozuvi bo‘yicha imlo qoidalari oxirgi marta 1956-yilda tasdiqlangan va o‘sha qoidalar asosida yozib kelamiz.

Yozuvlar transliteratsiya jarayonida vujudga keladigan holatlarning baʼzilari bilan quyida tanishib chiqamiz.

1) Сентябрь – sentabr, альбом-albom.

Yuqoridagi qatorda yumshatish (ь) belgisi ahamiyatsiz bo‘lgani uchun tushirib qoldiriladi. Ikki misolda ikki xil o‘rinda kelgan. So‘z oxirida, shuningdek, baʼzi so‘zlar o‘rtasida kelganda tushirib qoldirish mumkin. Agar foiz hisobida olsak, 70 foizida yumshatish (ь) belgisi yozilmaydi. Bu narsa lug‘atlarda aks etgan va kompyuter dasturlarida ham bor.

2) Бульон – bulyon, сеньор – senyor, павильон – pavilyon, медальон – medalyon.

Yuqoridagi kabi misollarda o‘ziga xos o‘rinlar bor. Бульон, сеньор, павильон, медальон kabi so‘zlarni albatta, yumshatish belgisi bilan yozamiz. Lekin talaffuzga eʼtibor berilsa, ko‘p yillardan beri bu o‘rinda bir “y” tovushini qo‘shib bulyon tarzida aytib kelamiz, lekin birinchi marta o‘qigan odam “y”ni aytmaydi. Natijada tilimizga o‘rnashgan talaffuz lotin yozuviga transliteratsiya qilinadi: bulyon. Bu tarzda o‘giriladigan so‘zlar anchagina.

Ko‘pchilikda o‘zbek lotin alifbosida o‘zlashtirilgan yevropacha so‘zlarni ifodalash qiyin yoki mumkin emas, degan iddaolar bor. Yozuv amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek lotin alifbosi kirillga nisbatan grafik jihatdan katta imkoniyatlarga ega. Masalan,

3) Васильев – Vasilyev, Игнатьев – Ignatyev.

Yurtdoshlarimiz orasida Васильев, Игнатьев kabi familiyali insonlar uchraydi. Ko‘rinishidan sodda, tushib qolganda ham hech narsa o‘zgarmaydi. Lekin ushbu so‘zlardagi so‘z o‘rtasida kelgan yumshatish (ь) belgisi tushib qolsa, undan keyin kelgan “ев” harflari “ev”, familiya esa “Vasilev” tarzida xato o‘qilishiga olib keladi. “Ь” belgisi vazifasini inobatga olib bu kabi so‘zlarni o‘zbek lotin imlosida Vasilyev, Ignatyev ko‘rinishida yozish maqsadga muvofiq.

4) Ильин – Il’in, Ильич – Il’ich.

Yurtdoshlarimiz orasida Ильин, Ильич kabi ota ismiga ega bo‘lgan kishilar bor. Yoki shunga o‘xshash so‘zlarni o‘zbek lotin yozuviga transliteratsiya qilayotganda yuqoridagi kabi yozib bo‘lmaydi. Chunki “ь” belgisining bu yerdagi vazifasi “л”ni yumshoqroq va undan keyingi tovushdan ajratib talaffuz qilishga xizmat qiladi. Shuning uchun bu so‘zlarni o‘zbek lotin yozuvi imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘zbekona talaffuzda Il’in, Il’ich tarzida yozish kerak.

Bu so‘zlarni alohida taʼkidlashimiz sababi shundaki, biz fuqarolarimizga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomalar berayotganda va keyingi barcha hujjatlarda to‘g‘rilab yozishimiz kerak. Bunday nozik nuqtalar hisobga olinsa xatoliklar kamayadi, albatta.

Fuqarolik huquqini rasmiylashtiradigan idoralar, ichki ishlar organlari va boshqa joylarga yuqoridagi kabi va boshqacha ism-shariflarni ifodalovchi so‘zlarning kirill va lotin yozuvidagi shakllarini maʼlumotnoma tarzida berish kerak. Aks holda, xato ustiga xato davom etadi.

Albatta, bu qoidalar imlo qoidalar tarzida ishlab chiqilishi, muhokamadan o‘tkazilishi va keyin xalqqa tavsiya etilishi maqsadga muvofiq.

Yumshatish (“ь”) belgili so‘zlar imlosiga doir yana ayrim jihatlar haqida keyingi videodarsda maʼlumot beriladi.

Yigitali Mahmudov yozib oldi
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov

Mavzuga oid