O‘zbekiston | 14:27 / 01.02.2021
12612
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlarida import tovar va xizmatlarni tanlash cheklandi

O‘zbekiston hukumati mahalliylashtirishga doir qaror chiqardi. Xorijda ishlab chiqarilgan 529 xil mahsulotning davlat xaridlaridagi ishtiroki taqiqlandi.

Foto: norma.uz

«Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida» hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar va xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtinchalik taqiqlash tizimi joriy etiladi.

Mahalliy mahsulotlarga esa import tovarlari narxining 15 foizigacha bo‘lgan miqdorda imtiyozlar qo‘llaniladi.

Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va cheklangan xorijiy tovarlar ro‘yxatiga 529 turdagi mahsulot va xizmatlar kiritilgan. (Qaror loyihasida mahsulot va xizmatlar turlari soni 302 xil edi).

Tasdiqlangan ro‘yxatga oziq-ovqat, elektrotexnika, kimyo sanoati, to‘qimachilik, transport ehtiyot qismlari, plastmassa, qog‘oz, keramika, shisha, metall buyumlar va boshqa turdagi mahsulotlar kiritilgan.

Davlat organlari va tashkilotlariga qaysi import-tovarlarni sotib olish cheklanishini ishchi organ (Iqtisodiyot vazirligining Elektron kooperatsiya portali markazi) hal qiladi. Bunda ishchi organ mahalliy ishlab chiqaruvchilarning murojaatlari va davlat tashkilotlarining takliflariga asoslanadi.

Ro‘yxatda keltirilgan tovarlarni davlat xaridlari asosida import qilish uchun davlat buyurtmachisi ishchi organga ariza bilan murojaat qilishi kerak.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga narx imtiyozlari tenderda (tanlovda) xorijiy yetkazib beruvchilar bilan birga 2 yoki undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilarning takliflari olingan holatda qo‘llaniladi.

Qaror bilan quyidagi 2ta nizom tasdiqlandi:

  • Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga (ishlar, xizmatlarga) preferensiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 21 avgustda prezidentning «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan, unda davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish belgilangan edi.

Mavzuga oid