Navalniy «o‘yindan tashqari holatda». U sudda ham kurashni davom ettirdi
Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Moskvadagi Simonovskiy sudi unga belgilangan shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosini haqiqiysiga almashtirdi. Rossiyaning eng katta siyosiy muxolifatchisi jazoni ijro etish koloniyasiga yuborildi. Endi nima bo‘ladi?
«Iv Roshe» ishi nima o‘zi?
Siyosatchi ko‘p yillardan buyon davom etayotgan «Iv Roshe» ishi bo‘yicha jazoga tortildi. 11 yanvar kuni Jazoni ijro etish federal boshqarmasi Navalniyning shartli jazosini haqiqiysiga almashtirish bo‘yicha sudga taqdimnoma kiritgandi. Bunga sabab sifatida siyosatchi vaqtincha saqlab turish qoidalarini buzgani keltirilgan.
2014 yil Aleksey Navalniy ukasi Oleg bilan «Iv Roshe» ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Ular firibgarlik va pul yuvishda ayblangan. Navalniy o‘shanda shartli ravishda 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va uning sinov muddati 2020 yil 30 dekabrda o‘z nihoyasiga yetdi. 2017 yil Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Navalniyning ishida Yevropa konvensiyasi talablari buzilganini e'lon qilgandi.
Keyinchalik Rossiya Oliy sudi ishni qaytadan ko‘rib chiqqan, lekin hukm o‘zgarmagandi. Oliy sud jinoyat alomati bo‘lgan ishlarni faqat mahalliy sudlar ko‘rib chiqishini iddao qilgan. Ayblovga ko‘ra, Navalniylar oilasiga tegishli bo‘lgan korxona ofshor kompaniyalarda pul yuvishda qatnashgan. Ya'ni 2008 yil Fransiyaning «Yves Rocher» parfyumeriya kompaniyasining Rossiyadagi filiali bo‘lgan «Iv Roshe Vostok» firmasi Kiprdagi oshfor kompaniyalardan biri bilan shartnoma imzolaydi. O‘zaro hamkorlik davomida «Iv Roshe»dan Navalniylar oilasiga qarashli korxona ham 19 million rubl pul oladi. Bu pullar ijara uchun deb o‘tkazilgan. 2012 yil «Iv Roshe» ijrochi direktori Bruno Lepruning arizasiga ko‘ra, Navalniylarga nisbatan ish ochiladi. Kompaniya ulardan 26 million rubl zarar ko‘rganini aytadi. Shu tariqa, Oleg va Aleksey Navalniy sud tomonidan aybdor deb topiladi.
Bu ish aslida tinchib ketgandi, chunki Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi hukmni bekor qilish bo‘yicha talab qo‘ygan va Rossiya sudi ishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni qisman tan olgan. Biroq avgustda Aleksey Navalniyning zaharlanishi va bunda shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ayblagani siyosatchining «eski portfeli qayta titilishiga» sabab bo‘ldi. Buning ustiga, 19 yanvar kuni e'lon qilingan Putin haqidagi 2 soatlik surishtiruv sabab Navalniyni qiyin kelajak kutayotgani aniq edi.
Qaror chiqishi aniqmidi?
Moskvada 1 fevral kechgi vaqtdan boshlab xavfsizlik choralari kuchaytirilgandi. Ayniqsa Kreml atrofi jiddiy qo‘riqlandi. Bu esa Navalniyga qanday jazo berilishi aniqligidan dalolat berardi. Simonovskiy sudi ishni Moskva shahar sudiga o‘tkazishga qaror qildi, chunki ishda ko‘plab OAV vakillari qatnashishi kutilgandi. Moskva shahar sudida esa katta zal bor edi. Sud atrofi ertalab soat 8dan qo‘riqlana boshlandi. Shu sabab Navalniyning tarafdorlari sud binosi oldida miting o‘tkaza olishmadi. Ertalab soat 10dan boshlab sud atrofida yig‘ilganlarni qo‘lga olish boshlandi va bir necha soat ichida 300dan ortiq odamlar ushlandi.
Navalniy sudga juda yaxshi kayfiyatda kirib keldi. U hatto rafiqasi Yuliyaga qarab hazillashishga ham ulgurdi: «Yuliya, seni kameramdagi televizorda ham ko‘rsatishdi. Aytishdiki, sen qoidalarni quloqsizlarcha buzayotgan ekansan. Sen bilan faxrlanaman, yomon qizaloq», dedi siyosatchi. Navalniy shishali akvarium deb ataluvchi sudlanuvchilar turuvchi joyga o‘tar ekan, xotinidan u ko‘rib turishi uchun qulayroq joyga o‘tirishini so‘radi.
Ishni ko‘ruvchi sudya almashgani jarayon boshlanishidan bir necha daqiqa avval aniq bo‘ldi va bu ko‘pchilikni ajablantirdi. Simonovskiy sudi raisi Vyacheslav Detishin bu ishni ko‘rib chiqishni istamadi va iste'fo berdi. Uning o‘rnini Natalya Repnikova egalladi.
Navalniy sudyaning yashash joyi haqida bergan savoliga hazil bilan javob berdi: «Birinchi raqamli tergov hibsxonasi». Jazoni ijro etish boshqarmasi vakili sudda Navalniyga 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishini so‘radi. Uning aytishicha, siyosatchi shartli ravishda 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgach, 7 marta maxsus tekshiruvga kelmagan va bu uchun ogohlantirish olgan. Shuningdek, vakil Navalniy tuzalish yo‘liga o‘tmaganini aytdi.
Navalniyning vakillari u maxsus suhbatga 9 yanvar kuni bora olmasligi haqida ogohlantirishganini ma'lum qilishdi. Jazoni ijro etish boshqarmasi vakili esa Navalniy 9 yanvar kuni emas, 13 yanvar kuni inspeksiyaga borishi kerak bo‘lganini aytdi. Bunga javoban siyosatchining vakillari u 15 yanvargacha Berlindagi «Sharite» klinikasida davolanganini aytishdi. «17 yanvar kuni uni hibsga olishmaganida, ertasiga albatta inspeksiyaga borgan bo‘lardi», degan Navalniyning vakili.
Muxolifatchining vakillari yana bir narsaga e'tibor qaratishdi: «Sizlar nega uni qidiruvga berdingiz? Axir u qayerda ekanini butun mamlakat bilardi, hatto siz raportda ko‘rsatganingizdek qorovul ham. Nega uning vakillari bilan bog‘lanishga harakat qilmadingiz?» Jazoni ijro etish boshqarmasi vakillari esa hayratlanarli tarzda Navalniy qayerda ekanini bilmaganliklarini ma'lum qilishdi. Vaholanki uning Germaniyada davolanayotganini butun mamlakat bilardi.
Bu borada Navalniyning o‘zi shunday dedi: «Ayting-chi, men qanday qilib o‘sha holatda o‘z vazifamni bajara olardim? Men komaga tushdim, keyin davolandim, tiklanish jarayonini tugatib, Moskvaga qaytdim. Bundan ortiq nima qilishim mumkin edi siz uchun? Mening vakillarim bilan bog‘lanishingiz mumkin edi-ku, sizda ularning kontaktlari bor». Sud ikki soatlik tanaffus e'lon qilganda ham Navalniy hazillashishga ulgurdi: «Kimnidir «Makdonalds»ga yuborsak bo‘lardi».
«Qo‘limdan kelgancha kurashdim, kurashda davom etaman»
Tanaffusdan keyin sudda birinchi bo‘lib Navalniy so‘z oldi: «Bu xonadagi barchaga murojaat qilmoqchiman. Meni allaqachon jazolangan ishim uchun qaytadan jazolamoqchi bo‘lishyapti. Yevropa sudi ishda jinoyat alomatlari yo‘qligini ma'lum qilgan va Rossiya buni qisman tan olgandi ham. Buning ustiga ukamni qamab, menga sinov muddati berishdi. Keling, biroz matematikaga murojaat qilamiz: meni 2014 yil sud qilishdi, hozir esa 2021 yil va hamon sud qilinyapman.
Menga shuncha ish yetmaganday yaqinda yana bir ishni to‘nkab qo‘yishdi. Xuddiki bir kishi bu mamlakatda bir qadam ham erkin yura olmasligimni xohlayotganday. Hammamiz bu ishlar bunkerda yashayotgan bir kishining nafrati va qo‘rquvi sabab sodir bo‘layotganini bilamiz. Chunki men tirik qolib uni o‘lar darajada ranjitib qo‘ydim», dedi Navalniy. Oxirgi gapni aytayotganda prokuratura vakili xavotir bilan sudda boshqa masala ko‘rilayotgani, shunchaki shartli jazo chinakamiga almashtirilayotganini eslatdi. Siyosatchi tirik qolgani, misolda keltirilgan odam kabi qo‘rqib bunkerga yashirinmaganini faxrlanib ayta olishini ma'lum qildi. U oxirgi ikkita surishtiruvini ham eslatib o‘tishga ulgurdi. Navalniy sud majlisi davomida Putin u sabab tarixga zaharlovchi bo‘lib kirishidan ranjiganini aytib o‘tdi.
Sudlanuvchi majlis davomida ijtimoiy muammolar haqida gapirishga ham ulgurdi: «Bizning mamlakatda barcha go‘yoki bir ishni qilmoqda va evaziga 20 ming rubl (260 dollar) maosh olib, jim yuribdi. Chunki mana bunday qama-qamalar bilan millionlab odamlarni qo‘rqitishmoqda. Rosgvardiya, panjaralar – bular qo‘rqoqlikning nishonasi, xolos. Lekin unutmang, yuz minglab odamlarni qamoqqa tiqib bo‘lmaydi».
Prokuror Navalniyni bir necha marta to‘xtatishga urinib, sud majlisini mitingga aylantirmaslikni so‘radi. «Men qo‘limdan kelganicha kurashdim va kurashishda davom etaman. Men odamlarni kimyoviy qurollar bilan zaharlayotganlar qurshovida qolib ketdim. Hozir mening hayotim uch pulga qimmat, lekin men siz bilan kurashishda davom etaman. Bizning vatanimizda, Rossiyamizda yaxshi narsalar juda ko‘p, eng yaxshisi – qo‘rqmaydigan, o‘z vatanini uzumzorlar-u, akvodiskotekalarga almashmaydigan xalqimiz. Mening talabim shuki, hoziroq ozodlikka chiqarilishimni so‘rayman», dedi siyosatchi.
Navalniydan keyin so‘z olgan advokati Vadim Kobzev mijozining qayerda bo‘lmaganini go‘yoki bilmagan Jazoni ijro etish boshqarmasining namoyishkorona qiliqlarini uyatli holat deb atadi. Uning aytishicha, Navalniyga nisbatan qidiruv tartibi ham qo‘pol ravishda buzilgan.
Prokuror Yekaterina Frolova esa sovuqqonlik bilan Navalniyga belgilangan shartli jazo haqqoniysiga almashtirilishi juda oddiy jarayon ekanini, ayblanuvchi shartli jazo qoidasini buzganida bu holat tabiiy tarzda amalga oshirilishini aytgan. Uning fikricha, Rossiya qonunchiligi yanayam insoniylik tamoyillarini qo‘llagan holda Navalniy ikki martalab shartli jazoga hukm qilinishiga yo‘l qo‘ygan. «Vaholanki, bunday jazo faqat bir marta yengillik sifatida qo‘llanadi», dedi prokuror.
Dunyo yetakchilari Navalniy ozod qilinishini so‘ramoqda
Aleksey Navalniy ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni o‘tash uchun koloniyaga yuborilgach, mamlakat bo‘ylab norozilik mitinglari bo‘lib o‘tdi. Mingdan ortiq odam qo‘lga olindi. Ayniqsa Kreml atrofida ko‘plab odamlar olib ketilgan. Butun Moskva bo‘ylab militsiya va OMONchilar ishga kirishdi. Navalniy qo‘lga olingach, dunyodagi ko‘plab siyosiy yetakchilar uni qo‘yib yuborishni so‘rab chiqishdi.
Emmanuel Makron, Fransiya prezidenti: «Siyosiy bo‘ysunmaslik – jinoyat emas. Biz Navalniyni tezda qo‘yib yuborishga chaqiramiz».
Angela Merkel, Germaniya kansleri: «Aleksey Navalniyning ozodlikdan mahrum qilinishi qonuniy davlat talablariga umuman to‘g‘ri kelmaydi. U tezda qo‘yib yuborilishi kerak. Tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonliklarga ham chek qo‘yish lozim».
AQSh davlat departamenti: «AQSh Rossiyaga nisbatan siyosatida Navalniy atrofidagi voqealarni hisobga oladi».
Amerikalik senator Mitt Romni Navalniy qo‘lga olingach, bu borada Rossiyaga qarshi sanksiyalarni nazarda tutuvchi yangi qonun loyihasi ishlab chiqayotganini ma'lum qildi. Oq uyda ham Navalniyning qo‘lga olinishidan xavotirda ekanliklarini ma'lum qilishdi.
Dominik Raab, Britaniya tashqi ishlar vaziri: «Britaniya Navalniyni zudlik bilan qo‘yib yuborishga chorlaydi. Bugungi hukm zaharlanish qurbonlariga qarshi bo‘ldi, uning tashkilotchilariga qarshi emas. Bu bilan Rossiya xalqaro hamjamiyat vakili sifatida eng oddiy talablarni bajarmasligini ko‘rsatdi».
Mavzuga oid
21:30 / 22.03.2023
Navalniy hamkasbi Mariya Pevchix xalqaro KQKF rahbari bo‘ladi
17:39 / 17.01.2023
«Rossiya - mening mamlakatim. Men zulmat chekinishiga ishonaman». Aleksey Navalniyning qamoqdan maktubi
23:41 / 22.12.2022
Navalniy jamoasi darknetda «maxfiy shtab-kvartira» ishini muvofiqlashtiruvchi sayt ochdi
21:45 / 02.10.2022