Jahon | 15:42 / 04.02.2021
4577
2 daqiqa o‘qiladi

Fors ko‘rfazi mamlakatlarida koronavirus cheklovlari yana kuchaytirilmoqda

Saudiya Arabistonida to‘y va bazmlar o‘tkazish taqiqlandi, savdo markazlari va sport zallari 10 kunga yopildi, restoranlarda ziyofatlar berish man qilindi.

Foto: AP Photo/Amr Nabil

Fors ko‘rfazidagi qator mamlakatlar koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sababli cheklov choralarini kuchaytirmoqda, deb xabar berdi Associated Rress (AP) agentligi.

Saudiya Arabistonida to‘y va bazmlar o‘tkazish taqiqlandi, savdo markazlari va sport zallari 10 kunga yopildi, restoranlarda ziyofatlar berish man qilindi. Qirollik hukumati cheklov choralari uzaytirilishi mumkinligini ma'lum qildi.

Saudiya Arabistonida koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 368 mingta holat qayd etilgan, 600dan ortiq kishi vafot etgan.

Kuvaytda 7 fevraldan boshlab xorij fuqarolari uchun chegaralar ikki haftaga yopiladi. Tijorat muassasalari ish vaqti cheklandi, sport zallari va sog‘lomlashtirish klublari yopildi, 25 fevralda nishonlanadigan Kuvayt milliy kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bekor qilindi. Mamlakatda kasallik yuqtirish holatlari 166 mingdan oshgan, 950 bemor vafot etgan.

Qatar va Ummonda ham cheklov choralari joriy etilmoqda.

Agentlikning qayd etishicha, aholining asosiy qismini yoshlar va migrant ishchilar tashkil etuvchi bu mamlakatlarda koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi past. Ammo yangi yil bayramidan so‘ng bu davlatlarda kasallik yuqtirish holatlari oshgan.

Mavzuga oid