Jahon | 15:30 / 17.10.2024
3647
3 daqiqa o‘qiladi

YeI va Fors ko‘rfazi davlatlari Ukraina bo‘yicha bayonot berdi

YeI va Fors ko‘rfazi davlatlari kelishmovchiliklarga qaramay, o‘zlarining birinchi sammit bildirishnomasiga Ukraina bo‘yicha bo‘limni kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Unda BMT rezolyutsiyasidan iqtibos keltirgan holda Rossiya tajovuzkorligi qoralanadi.

Foto: Johanna Geron/REUTERS

16 oktyabr, chorshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi davlatlarining birinchi sammitida yetakchilar yakuniy kommyunike doirasida Ukraina bo‘yicha umumiy bayonotni shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. Unda ular Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari, jumladan, Ukraina hududiy suvlari doirasidagi suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligiga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar, shuningdek, «tinch aholiga, fuqarolik va muhim infratuzilmaga, ayniqsa energetika sektoriga qarshi hujumlarni qoraladilar». «Barcha atom elektr stansiyalarining xavfsizligi va ishonchliligi katta ahamiyatga ega», — deyiladi hujjatda.

Kommyunikeda Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzkorligi to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralanmagan, ammo BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasiga ishora qilingan, unda «Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga Nizom 2-moddasini buzgan holda sodir etilgan tajovuzkorligi keskin qoralanishi» bildiriladi va «Rossiya Federatsiyasidan o‘zining xalqaro tan olingan chegaralari doirasida Ukraina hududidan barcha qurolli kuchlarini zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz olib chiqib ketish» talab qilinadi. «BMT Nizomiga muvofiq, barcha davlatlar har qanday davlatning hududiy yaxlitligi va suvereniteti yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi hududiy ekspansiya maqsadida kuch ishlatish bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatishdan tiyilishi kerak», — deyiladi hujjatda.

Zelenskiy YeI sammitida «g‘alaba rejasi»ni taqdim etishga taklif qilindi

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida ishtirok etishga taklif qildi. Bu haqda yevropalik siyosatchi 15 oktyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida yozgan.

«Men prezident Zelenskiyni Yevropa kengashi sammitiga taklif qildim, u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi so‘nggi voqealarni baholab, g‘alabaga erishish rejasini taqdim etishi mumkin», — deyiladi Mishel postida.

Mavzuga oid