Jizzax viloyatining investitsiya loyihalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 fevral kuni Jizzax viloyatining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Davlat rahbariga mazkur viloyatda joriy yilda amalga oshiriladigan 515ta loyiha haqida ma'lumot berildi. Loyihalarning umumiy qiymati 35 trillion 500 milliard so‘m. Ularning natijasida yiliga 25 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash quvvatiga ega yangi korxonalar, qariyb 23 ming ish o‘rni tashkil etiladi. 264 million dollarlik import o‘rnini bosish hamda 311 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.
Jizzax viloyatida qurilish materiallari, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sanoati hamda qishloq xo‘jaligi tarmoqlari katta salohiyatga ega. Loyihalarni shakllantirishda ushbu sohalar «drayver» sifatida belgilab olingan.
Masalan, qurilish materiallari sanoatida 8ta loyiha rejalashtirilgan. Ulardan biri – bazalt tolasi va undan turli materiallar ishlab chiqarishga qaratilgan. 723 milliard so‘mlik mazkur loyiha uchun bugungi kunda yer ajratilgan. Korxona shu yil uchinchi chorakda ishga tushirilib, 205ta ish o‘rni ochilishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, yuqori markali sement, beton plitalar, armaturalar, geosetkalar ishlab chiqarish bo‘yicha ham istiqbolli loyihalar bor.
Avtomobil sanoatida ham loyihalar ko‘zda tutilgan. Masalan, mikroavtobus, tijorat va yuk avtomobillari ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha ichki bozor uchun g‘oyat zarur. Bu korxona joriy yil yakunida foydalanishga topshirilib, 500 kishi ish bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan.
Jizzax shahrida tashkil etiladigan to‘quvchilik majmuasi mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, xotin-qizlar bandligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. 39 million dollarlik mazkur korxona qurilishi bu yil yozda boshlanib, kelgusi yil ishga tushiriladi.
Tog‘li hududlarda dorivor o‘simliklar yetishtirish, ularni qayta ishlab, eksport qilish davlatimiz rahbari ko‘rsatib bergan ulkan imkoniyatlardan biri. Bugungi kunda mamlakatimizda shu sohaga ixtisoslashgan 7ta klaster faoliyat yuritmoqda. Xususan, “BMB Trade Group” klasteri tomonidan Baxmal tumanida za'faron yetishtirish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda. 30 million dollardan ziyod qiymatdagi ushbu loyiha natijasida 200 kishi ishli bo‘ladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida chorvachilik, parrandachilik, go‘sht va sutni qayta ishlash, ipak mato ishlab chiqarish kabi bir nechta loyihalar mo‘ljallangan.
Taqdimotda ushbu loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, moliyalashtirish manbalari va infratuzilma masalalari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatining salohiyati bundan ancha katta ekanini, ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirish mumkinligini ta'kidladi. To‘qimachilikda mahalliylashtirishni chuqurlashtirib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi o‘zlashtirilayotgan yerlarda talab yuqori meva-sabzavotlar yetishtirib, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, yerosti ma'danlarini o‘zlashtirishga xorijiy investitsiyalar jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
12:31 / 10.11.2024
2024 yilda Jizzax viloyatida bolalar ishtirokida 59 ta YTH sodir bo‘ldi
09:56 / 24.09.2024
Jizzaxda haydovchi Damasga katta yoshdagi 14 kishini mindirib harakatlandi
14:28 / 08.09.2024
Birovning nomiga 20 mln so‘m kredit olib o‘zlashtirib yuborgan shaxs ushlandi
01:05 / 16.08.2024