O‘zbekiston | 16:01 / 16.02.2021
26232
4 daqiqa o‘qiladi

Jomboyda «Qizil kitob»ga kiritilgan Buxoro xonguli otib o‘ldirildi

Kun.uz tahririyatiga Jomboy tumanidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘ida «Qizil kitob»ga kiritilgan noyob turdagi Buxoro xonguli otib o‘ldirilgani haqida xabar kelib tushdi.

Zarafshon milliy tabiat bog‘ida Buxoro xonguli otib o‘ldirilgani haqida xabar bermoqda shu hududda yashovchi fuqaro Jamshid Do‘lanov.

Jamshid Do‘lanovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, o‘rmon hududida tez-tez o‘q tovushi eshitilib turadi. Hudud rahbari, qorovullar, shuningdek «nozik mehmonlar» tustovuq va parrandalarni ovlab yurganiga bir necha marta guvoh bo‘lgan. Bu holatni u tabiiy qabul qilgan, ruxsat olingan bo‘lsa kerak, deb hisoblagan. «Ammo bug‘u ovlanganiga birinchi marta guvoh bo‘lib qoldim», deydi u.

«Joriy yil 8 fevral kuni, soat 16:00 lar atrofida odatdagidek, o‘q tovushi eshitildi. Shu atrofda bo‘lganim uchun ovoz kelgan tomonga yaqinlashdim. Bog‘ning rahbari, uchastka nozirlari hamda haydovchi bug‘uni mashinaga ortishayotganini ko‘rdim. Shundan keyin bug‘uni daryo yoqasiga olib chiqishdi va terisini shilib, go‘shtini olib ketishdi. Ular kiyik terisini tashlab ketishganidan so‘ng o‘sha joyga yaqinlashdim va qo‘l telefonim orqali teri va qon izlarini tasvirga oldim», dedi Jamshid Do‘lanov.

Do‘lanov kiyik terisini Jomboy tuman prokuraturasiga topshirganini ham bildirdi. Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralari kelib hududda o‘rganish olib borgan.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, bu noyob jonzot – Buxoro xonguli O‘zbekiston «Qizil kitobi» hamda xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgani bilan ham ahamiyatli.

Umuman, Jomboy hududiga Buxoro xonguli dastlab 1996 yilda olib kelingani aytiladi. O‘sha vaqtlardagi manbalarga ko‘ra, kiyiklar dastlab 26 dona bo‘lgan. So‘nggi ikki-uch yilda keltirilgan ma'lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, hududda rasman o‘ttizga yaqin bug‘u boqilayotgani qayd etilgan. Ochiqda yurganlarining esa hisob-kitobi yuritilmagan.

Dastlab keltirilgan bug‘ularning yarmi (13-14 tasi) urg‘ochi bo‘lgan deb faraz qilaylik, oradan 25-26 yil vaqt o‘tdi. Kiyik 12 oyda bolalaydi, barcha noqulayliklar, tabiiy o‘lim va boshqa hududlarga rasman olib chiqib ketilganini inobatga olgan taqdirda ham bugun Jomboy milliy tabiat bog‘ida nechta Buxoro xonguli bo‘lishi kerak? Bu savolning javobini mutaxassislar bergani ma'qul, albatta.

Darvoqe, bitta bug‘uning narxi «qora bozor»da 30-36 million so‘m turishi aytilmoqda. Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, mazkur bog‘da Zarafshon tillarang qirg‘ovuli ham uchraydi va dunyodagi eng noyob turlardan biri hisoblanadi.

Kun.uz Jomboy tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Obid Rustamov bilan bog‘landi. U haqiqatan ham qo‘riqxona hududida bug‘u o‘ldirilgani va ayni vaqtda ishni prokuratura o‘rganayotganini tasdiqladi. «Bug‘uni kim o‘ldirgani surishtiruv davomida aniqlanadi», dedi u.

Tabiatni, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan tezkor munosabat kutib qolamiz. Zero, ona tabiatni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish har birimizning burchimizdir.

Anvar Mustafoqulov tayyorladi.

Mavzuga oid