Sport | 17:07 / 22.02.2021
15329
14 daqiqa o‘qiladi

Buzilgan an'analar. Haftaning eng e'tiborli voqealari

Foto: Getty Images

Dam olish kunlarida Yevropa futboli qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi va bir qator an'analar ham buzilgani bilan yodda qoldi. «Manchester Siti»ning navbatdagi g‘alabasi, Kazemiro yana «Real»ni qutqarishi, «Bavariya»ning mag‘lubiyati u qadar ta'sir doirasi keng voqealar emas, bir qaraganda, shuning uchun bu safar, rostan ham e'tiborga arziydigan uchrashuvlarga, buzilgan an'analarga e'tibor qaratdik.

 «LIVeRPUL» ShO‘NG‘IShDA DAVOM ETMOQDA

«Liverpul» – «Everton» – 0:2

Turnir jadvalining yuqori qismida bo‘lgan va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda davom etayotgan «Liverpul» haqida sho‘ng‘ish jumlasini ishlatish balki noto‘g‘ridir, ammo biz so‘nggi ikki yilda barqaror va kuchli o‘yini bilan o‘rgatib qo‘ygan «Liverpul» bilan solishtiryapmiz.

«Liverpul» o‘tgan mavsumning shu davriga nisbatan 30 ochko kam jamg‘argan – shu paytgacha hech qaysi amaldagi chempion bu darajadagi farqni bermagandi. Klopp shogirdlari yana bir qator antirekordlarni qayd etdi bu turda. Jamoa qatorasiga 4 marta o‘z uyida mag‘lubiyatga uchradi. Salkam uch yil umuman mag‘lubiyatsiz bo‘lgan «Enfild» uchun bu katta zarba. «Liverpul» Angliya chempionatida qatorasiga 4 uy mag‘lubiyatiga oxirgi marta 1923 yilda uchragandi. Derbi g‘olibi «Everton» esa 1999 yildan buyon ilk marta qo‘shni stadiondan uch ochko bilan qaytmoqda. Umuman, APLda «Everton» «Liverpul»ni oxirgi marta 11 yil oldin yenggandi.

Yana bitta fakt – APL doirasidagi so‘nggi 6 uy o‘yinida «Liverpul» atigi bir marta gol urdi. U ham bo‘lsa, penaltidan. To‘g‘ri, jamoada juda ko‘p futbolchilar jarohatlanishgan, ayniqsa, markaziy himoyadagi muammolar to‘rt oydan beri davom etmoqda. Lekin bunchalikmas-da, endi?

«KADIS» – GRANDLAR KUShANDASI, «LeVANTe» INTRIGANI QAYTARDI

«Atletiko» – «Levante» – 0:2, «Barselona» – «Kadis» – 1:1

Turnir jadvalida o‘zini ancha qulay his qilib kelgan va chempionlikni nishonlash xuddi vaqt masalasidek tuyulgan «Atletiko» uch kunda «Levante» bilan ikki marta o‘ynadi va atigi 1 ochko oldi. Valensiyaliklar mana shu tarzda unutilayozgan intrigani La Ligaga qaytarishdi. Endilikda, Simeone shogirdlari «Real»dan atigi 3 ochko oldinda. To‘g‘ri, yana bir zaxira o‘yini ham bor, ammo kelasi turda «Atletiko» aynan «Real» bilan o‘ynashini e'tiborga olsak, bosim yanada ortishi turgan gap.

«Levante» o‘z yo‘liga, Ispaniyada boshqa bir zo‘r jamoa bor – «Kadis». «Barselona» bilan o‘yin oldidan o‘tgan 4 o‘yinda jamoa 4 marta mag‘lubiyatga uchragan va 15ta gol o‘tkazib yuborgan. Oxirgi uch o‘yinning har birida 4tadan gol o‘tkazilgan. Agar «Atletiko» ochko yo‘qotgan bo‘lsa, oradagi masofani qisqartirish uchun ideal raqib, shunday emasmi?

Yo‘q. Aynan «Kadis» bu mavsumda «Real» va «Barselona»ning kushandasiga aylanyapti. Mana shu to‘rttalab gol o‘tkazib yurgan himoyaga «Barselona» atigi bir marta penaltidan gol ura oldi. Buning ustiga o‘yin oxirida gol o‘tkazib, 1:1 hisobiga rozi bo‘ldi. «Kadis» birinchi davrada o‘z maydonida «Barselona» ustidan g‘alaba qozongani, shuningdek, «Santyago Bernabeu»dan uch ochko bilan qaytganini hisobga olsak, savollar yanada ko‘payadi – qanday qilib?

Bu o‘yinda «Barselona» uchun «qora hafta» davom etgan bo‘lsa-da, Messi navbatdagi rekordni o‘rnatdi - «Barselona» safida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha Xavini ortda qoldirdi - 506-o‘yin. Qolaversa, bu jamoaning yana bir faxriy futbolchisi Buskets uchun yubiley 400-o‘yin edi. Messi rekordini gol bilan nishonladi - «Kadis» Messidan La Ligada gol o‘tkazgan 38-jamoa, barcha turnirlar doirasida Messidan jabrlangan 81-jamoa bo‘ldi. Shuningdek, Messi 11-metrlik jarima zarbasini golga aylantirish orqali Krishtianu Ronalduning Ispaniya chempionatida «nuqta»dan gol urish bo‘yicha rekordini takrorladi - penaltidan 61-gol.

POCheTTINO VA SOVRINLAR

«PSJ» – «Monako» – 0:2

Avval «Espanol»ni, keyin Angliyada «Sauthempton» va «Tottenhem»ni boshqargan Maurisio Pochettinoni sovrinlar yuta olmaslikda ko‘p ayblashadi. Kataloniyaliklar bilan biror kubokni yutish shundog‘am mushkul, uning davrida «Sauthempton» chempionshipdan kelib-ketuvchi jamoadan APLning o‘rtamiyona jamoasiga aylandi, «Tottenhem» esa murabbiy kelguncha ham mana shunday maqomda bo‘lgan. Argentinalik mutaxassis «PSJ»ga o‘tishga rozi bo‘lgach, nihoyat bu «qarg‘ish»ga barham berilishiga hamma ishona boshladi. Zero, «PSJ» hatto murabbiysiz ham sovrinlar yuta olardi. Shunday bo‘ldi ham, yanvarda parijliklar Fransiya Superkubogini qo‘lga kiritishdi. Pochettino ham.

Ammo ma'lumki, Superkubok to‘laqonli turnir emas, uning poydevori avvalgi murabbiy tomonidan qo‘yiladi. Qizig‘i, Pochettino ushbu mavsum «PSJ» bilan Fransiya chempionatida g‘alaba qozona olmay qolishi mumkin. Ana shunda, gap-so‘z yanada ko‘payishi, Pochettinoning sovrin yuta olmasligi haqida fikrlar avj olishi mumkin.

«PSJ» kecha o‘z maydonida «Monako»ga 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi va «Lill»dan 4, «Lion»dan 1 ochko ortda qolmoqda. «Lill»ning oxirgi 8 o‘yindan 7tasida, «Lion» esa oxirgi 6 o‘yindan 5tasida g‘alaba qozonganini e'tiborga olsak, peshqadamlar ancha barqaror, yetib olish oson bo‘lmaydi.

Parij jamoasining «Monako»dan mag‘lubiyati mavsumda oltinchisi bo‘ldi. Hali mavsum tugamadi, lekin «PSJ» qatarliklar sotib olganidan so‘ng, biror marta bir mavsumda 6 marta mag‘lubiyatga uchramagan edi.

 MOYYeSNING ILK G‘ALABASI

«Vest Hem» – «Tottenhem» – 2:1

Bir vaqtlar Aleks Fergyuson o‘ziga voris sifatida Joze Mourinoni emas, Devid Moyyesni tanlaganida, ko‘pchilik hayron bo‘lgandi. Shotlandiyalik murabbiy «Old Trafford»ga kelgach, ushbu stadiondagi ilk o‘yinini Mourinoga, uning «Chelsi»siga qarshi o‘tkazgandi. O‘shanda mezbon muxlislar Spesial One’ga qiyosan, Moyyesni Chosen One (Tanlangan) deb atashgandi.

O‘yinda hisob ochilmagan va bir an'ana davom etgan: Moyyes o‘sha o‘yingacha ham, shundan keyin ham, Mourino jamoalariga qarshi o‘yinda g‘alaba qozona olmagan. «Everton», «Yunayted», «Sanderlend» va «Vest Hem» kabi jamoalar rolida u Mourino bilan 15 marta bahslashib, 6 durangga erishgan va 9 o‘yinni boy bergan. Nihoyat, ilk marta Moyyes portugaliyalik hamkasbi ustidan ustun keldi.

Nafaqat ustun keldi, balki «Vest Hem» oxirgi 10 o‘yindagi 8 g‘alabadan so‘ng, kuchli to‘rtlikka joylashib oldi va Mourinoning «Tottenhem»idan 9 ochko ilgarilab ketdi. 2021 yilda «Vest Hem» Angliyada faqat «Manchester Siti»dan kamroq ochko to‘pladi, xolos.

Keyingi turda Moyyes aynan «Manchester Siti» bilan to‘qnash keladi. U Gvardiolani ham hech qachon mag‘lub eta olmagan.

LUKAKU BU SAFAR HAM G‘OLIB

«Milan» – «Inter» – 0:3

«Yuventus» o‘tgan turda «Napoli»dan mag‘lubiyatga uchragach, Milanning ikki klubi uchun chempionlik yanada yaqinroq va realroqqa aylana boshladi. Shuning uchun ham navbatdagi derbi chempionlik uchun bahsga aylanib ketdi. Ancha barqarorroq va tajribaliroq ko‘ringan «neradzurri» g‘alaba qozonib, raqibidan 4 ochko ilgarilagan holda yaqqol peshqadamga aylanib oldi.

O‘yin qaysidir ma'noda Lukaku va Zlatan o‘rtasidagi raqobat bilan ham intriga yaratayotgandi. Birinchi davradagi o‘yinda Ibrahimovichning dubliga Lukaku bir gol bilan javob bergan va shvetsiyalik hujumchi g‘olib bo‘lgandi. O‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan kubok o‘yinida esa, hujumchilar bittadan gol urishdi va Eriksenning goli «Inter»ga 2:1 hisobidagi g‘alabani tortiq qildi. O‘sha o‘yin ayniqsa, ikki hujumchining salkam mushtlashib ketishlari bilan yodda qoldi – aynan shu ziddiyat navbatdagi derbida ham bo‘y ko‘rsatishi kutilgandi.

Hujumchilar o‘zaro to‘qnashmadilar, ammo maydonda Lukaku «Manchester»dagi sobiq jamoadoshiga «dars berdi». Ibrahimovich bir qator vaziyatlardan foydalana olmagan bo‘lsa, belgiyalik hujumchi hisob ochilgan golda asosiy ishni bajardi. O‘yin yakunida esa individual mahorati bilan hisobni 3:0 ko‘rinishiga yetkazib, barcha masalaga nuqta qo‘ydi.

«Inter» – peshqadam, Lukaku esa gollar soni bo‘yicha Krishtianuni ham ortda qoldirib, bu jadvalda ham peshqadam bo‘lib oldi. Ana endi nega o‘z vaqtida Antonio Konte Romeluni o‘zi boshqarayotgan «Chelsi»ga olib kelishga bu qadar uringanini tushunishimiz mumkin. Hujumchi eng kuchli va sermahsul o‘yinlarini aynan Konte boshqaruvida o‘tkazmoqda. Masalan, «Yunayted» safida u 66 o‘yinda 28 gol urgan. «Inter»da esa, 58 o‘yinda 40ta. Umuman, Lukaku Angliyadagi faoliyatida har o‘yinda o‘rtacha 0.45 gol urgan bo‘lsa, «Inter»da bu ko‘rsatkich 0.69 gacha oshgan.

ELDOR «JYeNOA»GA OChKO KeLTIRDI

«Jyenoa» – «Verona» – 2:2

Biroz paradoksal fikr, axir har qanday gol ham jamoaga ochko keltirishi mumkin, to‘g‘rimi? Lekin qizig‘i, shu paytgacha Shomurodov A Seriyada ikki gol muallifi bo‘lgan va har ikki o‘yinda ham «Jyenoa» 1:2 hisobida yutqazgandi. Uning «Parma» va «Sassuolo» klublariga urgan gollari oqibatda foydasiz bo‘lib chiqqan.

Qizig‘i, nafaqat «Jyenoa», balki boshqa jamoalarni ham qo‘shib hisoblaganda, Eldorning oxirgi 4 goli yakunda jamoaning 1:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugagan ekan. «Rostov»ning «Makkabi» bilan, O‘zbekiston milliy jamoasining Eronga qarshi o‘yinlari aynan mana shunday yakuniga yetgan ekan.

Shomurodov ikkinchi bo‘lim boshida o‘yinga qo‘shildi va bir daqiqa o‘tar-o‘tmas raqib himoyachisining xatosidan keyin to‘pni egallab, hisobni tenglashtirdi.

«Janoa» – «Verona» uchrashuvining 90+5 daqiqasida Milan Badel tomonidan urilgan gol Eldorning mana shu qora an'anasiga barham berdi. Bu safar o‘zining A Seriyada uchinchi golini urgan va yana jamoasi bilan 1:2 hisobida yutqazayotgan hujumchimiz qutqarib qolindi – 2:2. 

Mavzuga oid