O‘zbekiston | 16:48 / 24.02.2021
7850
2 daqiqa o‘qiladi

Shtab vakili karantin tugamasdan konsertlarga ruxsat berilganiga izoh berdi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Botir Qurbonov Kun.uz muxbirining karantin sharoitida ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ruxsat berilgani haqidagi savoliga javob berdi.

«Ha, karantin rasman tugagani yo‘q. Biroq respublikamizda olib borilayotgan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash tadbirlari, jumladan, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha maxsus komissiyaning doimiy ravishda bayonlari e'lon qilib borilgan.

Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha respublikamizda vaziyat barqaror ekanini inbotga olgan holda ba'zi ommaviy tadbirlar, shu jumladan, konsertlarga ruxsat berildi. Ommaviy tadbirlarga ruxsat berilganiga qaramasdan barcha sanitar-gigiyenik qoidalarga amal qilgan holda, ya'ni kirish eshiklari oldida barcha fuqarolarning tana haroratlari o‘lchanadi.

Oraliq masofa saqlagan holda, ya'ni o‘rindiqlar orasida joy tashlab tomoshabinlar orasidagi masofani saqlagan holda o‘tqizish, tanaffuslarda zallar shamollatilishi va boshqa bir qator tadbirlar amalga oshirilishi sharti bilan tadbirlarga ruxsat berilgan», degan u.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 15 martdan boshlab respublika hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, teatr, kino va konsert dasturlari vaqtincha to‘xtatilgandi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 28 yanvardan konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etishga ruxsat berildi.

Mavzuga oid