O‘zbekiston | 21:32 / 25.02.2021
18876
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vaziriga yana bir o‘rinbosar tayinlandi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Qahramon Yo‘ldoshev qishloq xo‘jaligi vazirining agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu ma'lumotni Kun.uz'ga vazirlik matbuot xizmati tasdiqladi.

Ushbu lavozim 24 fevral kuni prezident qarori bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining agrar sohani raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va unga bo‘ysunuvchi markaziy apparatdagi 16 ta shtat birliklarini qisqartirish hisobiga joriy etilgan edi.

Qahramon Yo‘ldoshev 1972 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2007 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha telekommunikatsiya muhandisi.

2001–2013 yillar davomida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasida, 2013–2018 yillarda Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2018 yildan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining agrar sohasini raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Bundan avvalroq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori lavozimiga Alisher To‘rayev tayinlangani haqida xabar qilingandi.

Mavzuga oid