Sport | 22:02 / 25.02.2021
15292
9 daqiqa o‘qiladi

Siyosat va sport. Panarin siyosiy o‘yin qurboni bo‘lyaptimi?

Rossiyalik mashhur hokkeychi Artemiy Panarin katta mojaro ichida qolib ketdi. Kanada va AQSh jamoalari qatnashuvchi Milliy hokkey ligasining top-yulduzlaridan bo‘lgan Panarin 10 yil avval 18 yoshli qizni urgani uchun bir muddat hokkeydan tashqarida qoladigan bo‘ldi. Klubi «Nyu-York Reyndjers» Panarinni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Dom Gagne / CSM / Shutterstock / Vida Press

Panarin qanday hokkeychi o‘zi?

Avvalo Artemiy Panarin qanday sportchi ekani haqida ikki og‘iz. 1991 yilda tug‘ilgan Panarin faoliyatini Chelyabinskning «Traktor» jamoasida boshlagan. «SKA»dagi faoliyatidan keyin AQSh jamoalari e'tiboriga tushgan. 2015 yil «SKA» bilan Gagarin kubogini yutgach, u Rossiyada qolmasligi deyarli aniq edi. O‘sha yili uni «Chikago Blekhoks» o‘z safiga qo‘shib oladi. Keyin ikki yil «Kolambus Blu Jyekets»da o‘ynaydi. Ikki jamoa safida ham «Nyu-York Reyndjers» darvozasiga shayba kiritgan Panarin 2019 yilda shu jamoaga o‘tadi. U okeanortidagi ilk mavsumidayoq eng yaxshi debyutant deb topilgan.

Panarin ayni damda rossiyaliklar orasida eng ko‘p maosh (yiliga 12 million dollar) oladigan hokkeychi hisoblanadi. U rus hokkeyida allaqachon Ovechkin va Malkinlar qatorida tilga olinadi.

Panarin Latviyada qiz bolani urgani aytilmoqda

Xullas, zamonaviy Rossiya hokkeyining eng kuchli vakillaridan biri juda xunuk mojaroga aralashib qoldi. Gap shundaki, o‘z vaqtida unga «Vityaz» jamoasida murabbiylik qilgan Andrey Nazarov 2011 yil bo‘lib o‘tgan bir voqeani gapirib berdi. Uning aytishicha, Panarin Rigada jamoasi bilan bo‘lib turgan vaqtda bir qizga o‘zi bilan bo‘lishni taklif qiladi. Rad javobini olgach, mast bo‘lgani uchun qizni urib yiqitadi. Murabbiyning aytishicha, voqea 2011 yil 11 dekabrida sodir bo‘lgan. O‘shanda «Vityaz» mahalliy klub «Dinamo»ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

Nazarovning aytishicha, Panarin urgan qiz 18 yoshda bo‘lgan. Bu voqeadan keyin tezda politsiya yetib borgan va murabbiyning guvohlik berishicha, Panarin ishni bosti-bosti qilish uchun 40 ming yevro to‘lagan. Shuningdek, hali ko‘pchilik tanimaydigan Panarin uchun Rigadagi «katta odamlar» politsiyaga aloqaga chiqqan.

Nazarovning bu intervyusi izsiz bo‘lmadi. «Reyndjers» holatga oydinlik kiritilgunga qadar Panarin jamoadan chetda bo‘lishini ma'lum qildi, butun hokkey olami shu haqda gapira boshladi. Biroq bu intervyuda ko‘plab noaniqliklar bor. Birinchidan, suhbatdosh jurnalist Sergey Petrov mavjud odam ekaniga isbot yo‘q. Bu ism-sharif bilan «Komsomolskaya pravda» nashrida odatda Kremlga xizmat qiluvchi siyosiy materiallar e'lon qilinadi. Taxmin qilinishicha, hech bir muallif o‘z ismini ko‘rsatishni istamaydigan buyurtma materiallarda shu ismdan foydalanilgan. Bu mavjud bo‘lmagan Sergey Petrov faqat bir marta, ya'ni Panarinning ustozi bilan suhbatda, sport haqida material «yozgani» gumonlarni yanada oshiradi.

Spors.ru'ning yozishicha, sportdan ketib bekorchi bo‘lib qolgan Nazarov juda ko‘p mavzularda, hatto siyosiy mavzularda o‘z munosabatini bildirishda favqulodda faol bo‘lib qolgan. Spors.ru Latviyadagi Sportizinas sayti muallifi Konstantin Fedorovga bu voqeani bilish-bilmasligi borasida aloqaga chiqqan.

«Bunday katta voqea Latviya OAVi e'tiboridan chetda qolmagan bo‘lardi. Axir bu katta yangilik-ku, jurnalistlar bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermagan bo‘lishardi. Panarin uchun Rigada 2011 yilda kim ham turib berardi? Axir uni ko‘pchilik tanimasdi va kimdir turib bera oladigan darajada mashhur ham emasdi. 40 ming yevro haqidagi gap ham g‘alati. To‘g‘ri, bizda korrupsiya yo‘q demoqchi emasman, lekin bu ishni yopish uchun 40 ming yevro haddan tashqari katta pul», deydi jurnalist.

Andrey Nazarov intervyu davomida aytgan boshqa gaplar ham ishonchli emas. Masalan, Nazarov janjalning ertasiga vaqtli turib Minskka uchib ketdik, degan. Biroq «Vityaz»ning Minskdagi o‘yini Rigadagi o‘yindan 9 kun o‘tib o‘ynalgan. Odatda sportchilar o‘yinlar orasidagi vaqt uzoq bo‘lsa, o‘yin bo‘lib o‘tganidan keyingi kuniyoq tongda uchishmaydi.

Yana bir gap. Panarin o‘sha yilning 15 dekabrida Rossiyaning ikkinchi milliy jamoasi safida Fransiyaga qarshi o‘ynagan. Bu jamoa murabbiylaridan biri esa Andrey Nazarov bo‘lgan. Murabbiy qanaqasiga ko‘z oldida mast holatda qiz bolani urgan hokkeychini jamoaga chaqirishi mumkin edi?

Panarinni nega «talashmoqda»?

Emilee Chinn / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

Panarin rossiyalik hokkeychilar orasida kam sonli muxolifcha fikrlovchilardan. Axir Vladimir Putin hokkeyni yaxshi ko‘rgani uchun hokkeychilar «uning jamoasidan ekani» aytiladi. Panarin esa qo‘rqmasdan hukumatni ham, Putinni ham tanqid qiladi. U 2019 yil Spors.ru nashriga bergan intervyusida Putin haqida shunday degandi: «Menimcha, Putin allaqachon qaysi ishi to‘g‘ri, qaysi ishi noto‘g‘ri ekanini tushunmaydi. U vaziyatni to‘g‘ri baholashiga ham ishonish qiyin, axir 20 yildan buyon senga tinimsiz qanchalik aqlli ekaningni, qanchalik zo‘r ishlayotganingni aytib turishsa, sen qanaqasiga xatolaringni ko‘ra olasan?».

Andrey Nazarov esa Panarinni siyosiy qarashlari sabab ko‘p marta tanqid qilgan. «Vatan sen tanqid qilayotganlarsiz bizniki bo‘lmas edi», degandi bir safar Nazarov Panarinning gaplariga munosabat bildirar ekan.

Panarin bugungi kunda duch kelayotgan siyosiy bosimning sababi esa 2021 yil 21 yanvar kuni Instagramda qoldirgan post bo‘ldi. O‘shanda qamoqqa olingan muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning oilaviy suratini o‘z sahifasiga joylagan Panarin «Navalniy ozodlikka chiqarilsin» deb yozgandi.

Panarinning postini ko‘plab hokkeychilar va sportchilar qo‘llab-quvvvatlashdi. Uning o‘zi rossiyaliklar orasida olqishlandi. O‘shanda ko‘pchilik Panarinni bu ishi uchun jazo kutayotganini taxmin qilgandi. 18 yoshli qizni urgani haqida uydirma ekani aytilayotgan voqea yuzaga chiqqan, rus saytlari bu qasos bo‘lgani haqida yoza boshlashdi. MXLda bu uyushtirilgan voqea ekanini, Panarin siyosiy qarashlari uchun shunday bosim ostida qolayotganini aytishmoqda.

Guvoh nima deydi?

Andrey Nazarov shogirdi qiz bolani urgani haqida gapirgan bo‘lsa-da, hali buning isboti keltirilmadi. Murabbiy voqeani kamida 30 kishi ko‘rganini aytgan. O‘sha kuni Panarin bilan barda o‘tirgan jamoadoshi Mixail Anisin «Sport-Ekspress»ga intervyu berib, Artemiy hech kimni urmaganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chindan ham bir qiz bilan kelishmovchilik bo‘lgan, lekin bu og‘zaki janjaldan nariga o‘tmagan. «Yonimizda yana bir guruh odamlar raqsga tushayotgandi. Aniq eslolmayapman, yoki ularni birga raqsga tushishga taklif qildik yo bo‘lmasa ulardan kimdir bizga qo‘pollik qildi. Qizlar oyoqda turolmaydigan darajada mast edi. Tyoma oshib borsa, haligi qizlarni turtib yuborgan bo‘lishi mumkin, lekin aniq urgani yo‘q. Tasavvur qilyapsizmi bunaqa holat uchun chet davlatda qanday muammo paydo bo‘lishi mumkin edi?», deydi Anisin.

Uning aytishicha, sportchilar uxlagani kirib ketgach, chindan politsiya kelib nimalarnidir surishtirgan. Keyin «Vityaz» uyga qaytgach, klub ijrochi menejyeri Aleksey Jamnov Panarin bilan tarbiyaviy ishlar o‘tkazib, uni jarimaga tortgan.

Panarin jamoasining o‘sha voqeadan oldingi raqibi bo‘lgan Riganing «Dinamo» klubi direktorlar kengashi a'zosi Yuris Savitskis bunday voqeadan xabari yo‘qligini aytdi. Jurnalistlar bu janjal bo‘lgani aytilgan mehmonxonaga ham aloqaga chiqishdi. U yerda ishlaydiganlar qandaydir janjal bo‘lganini qayd etilmaganini aytishgan. Riga politsiyasi esa holat bo‘yicha so‘rovga hozircha javob bermagan.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid