Jahon | 00:24 / 26.02.2021
3068
2 daqiqa o‘qiladi

Bahrayn dunyoda birinchi bo‘lib Johnson&Johnson kompaniyasi vaksinasidan foydalanishga ruxsat berdi

Bahrayn bundan tashqari, "Sputnik V", Pfizer-BioNTech va AstraZeneca hamda Sinopharm vaksinalarini ham ma'qullagan.

Foto: AP

Bahrayn hukumati dunyoda birinchi bo‘lib Johnson&Johnson kompaniyasining koronavirusga qarshi bir dozalik vaksinasidan foydalanishga ruxsat berdi. Bu haqda Associated Press (AP) agentligi xabar bermoqda.

Nazorat tashkilotining bildirishicha, vaksina "koronavirus yuqishidan kuchli himoya qiladi". Ekspertlar kompaniya tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlarni o‘rganib chiqishgan.

Hukumat vaksina aholining eng zaif qatlamiga, xususan keksa yoshdagilar va surunkali kasalligi bo‘lgan odamlarga taklif etilishini bildirdi.

Bahrayn bundan tashqari, "Sputnik V", Pfizer-BioNTech va AstraZeneca hamda Sinopharm vaksinalarini ham ma'qullagan.

Agentlikning eslatishicha, hozirda Johnson&Johnson vaksinasi AQSh, Yevropa va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida o‘rganilmoqda. 

Yanvarda Johnson & Johnson kompaniyaning koronavirusga qarshi bir dozalik vaksinasi samaradorligi 66 foizni tashkil etishini ma'lum qilgandi. Kompaniya 2021 yil oxiriga qadar 1 mlrd dozaga yaqin vaksina ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Bahraynda pandemiya boshlanganidan buyon koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 119 858ta holat qayd etilgan, bemorlarning 437 nafari vafot etgan. Bahrayn koronavirusga qarshi emlash borasida dunyoda yetakchilar qatorida bo‘lib, aholining 17 foizga yaqini kamida bir doza vaksina bilan emlangan.

Mavzuga oid