Namanganda prezident bilan suratga tushgan qizaloq o‘z oilasiga qaytdi
Namangandagi 26-Mehribonlik uyida prezident ko‘tarib suratga tushgan qizaloq va uning uka-singillari ana shu uchrashuvdan so‘ng o‘z onasi bag‘riga qaytdi.
Kun.uz muxbiri ushbu oila holidan xabar olish uchun ular istiqomat qilayotgan uyga bordi.
Nilufar Umrzoqova — 4 farzandning yolg‘iz onasi. U yolg‘iz boshi bilan farzandlarini boqishga qiynalib qolgach, moddiy ahvolini yaxshilab olish uchun bolalarini vaqtincha mehribonlik uyiga topshirishga majbur bo‘lgan.
«Bolalarimni duo qilardim, mana ijobat bo‘ldi»
Nilufar Umrzoqova tayinli ish topa olmagach, bolalarining ta'minotidan qiynalib qolib, 2018 yilning kuzida ularni mehribonlik uyiga topshirgan.
«Katta qizim Hadicha 2010 yilda tug‘ilgan. Halimaxon qizim 2011 yilda tug‘ilgan, egizaklarim Fotimaxon va Husanboy 2016 yilda tug‘ilgan. Shu to‘rt bolaga yolg‘iz onaman.
Bolalarimning issiq-sovug‘idan ko‘nglim to‘lgach, ishlab pul to‘plash va uy-joy qilish niyatida edim. Shu bois nima mehnat bo‘lsa qildim, har ishga o‘zimni urib ko‘rdim, birovlarning qo‘lida ishladim. Ota-onam o‘tib ketishgan. Yaxshi bir ukam bor, uning yordami bilan shu uyni ko‘tardik. Lekin yashash uchun sharoit yaxshi emasdi», deydi bolalarning onasi.
U bolalarini qaytarib olish uchun hujjat ishlarini to‘g‘rilab yurganida, qizalog‘ini davlat rahbari ko‘tarib suratga tushgani uning bu harakatini yanada tezlatib yuborgan.
«Juda quvondim, bolalarimni «Alloh nazar solsin, prezidentning yonida yuringlar», deb duo qilardim. Mana, ijobat bo‘ldi», deydi ona.
Nilufar Umrzoqova boshida «bolalarimni uddalay olarmikinman?», deya cho‘chigani ham rost. Chunki ularni bekam-u ko‘st qilib voyaga yetkazishni istaydi.
«Xudoga shukr, yaxshi odamlar oramizda ko‘p. Ularning ko‘magi bilan mana farzandlarim bag‘rimga qaytdi, behisob shukr. «Saxovat Namangan» xayriya jamoat fondi vakillari katta yordam ko‘rsatishdi. Uy-joyimizni ta'mirlab, sharoitlarni yaxshilab berishdi. Bundan buyog‘iga ham shu bolalarim voyaga yetguncha ta'minotiga yordamlashib turadigan bo‘lishdi», — deydi u.
Har bir bola o‘z ota-onasining bag‘rida yayrasin
«Nilufar bolalarni olib kelganida Fotima va Husantoy chaqaloq edi, bizda nizom bo‘yicha 3 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Shu bois, Hadicha va Halimani olib qoldik, egizaklarni esa bir yil o‘tgach tarbiyamizga oldik», deydi Namangandagi 26-sonli Mehribonlik uyi direktori Dilorom Abdurahimova.
Pedagogning aytishicha, boshida Hadicha va Halimaning o‘qishi yaxshi bo‘lmagan, ularga alohida pedagog yollangan.
«Mehribonlik uyimizga kelgan dastlabki kunlarida bu bolalar bilan birga qolishga ham to‘g‘ri kelgan, chunki ularning ruhiy holati ham yaxshi emasdi. Psixolog yordamida ularni bu holatdan olib chiqdik. O‘qishlari ham yaxshi tarafga o‘zgardi. Sportga va turli to‘garaklarga qiziqib, qatnasha boshlashdi», deydi direktor.
Prezidentning mehribonlik uyiga tashrifi kutilmaganda bo‘lgan. Bolalar bundan juda quvonishgan.
«Mana shu tashrif – davlat rahbarining bolalarga otalarcha mehr ko‘rsatganlari ko‘p onalarga qandaydir turtki bo‘ldi, xususan, Nilufarga ham. Ona bolalarini olib ketish payida yurgan edi. Mana, uch kun bo‘ldi, bolajonlar onasi bag‘riga qaytdi. Ko‘zimizda yosh bilan kuzatdik», deydi D.Abdurahimova.
Ushbu dargohda 8 yildan beri ishlayotgan Dilorom Abdurahimova har bir bola o‘z ota-onasining bag‘rida yayrashini istaydi.
«Oila boy bo‘ladimi, kambag‘al bo‘ladimi, ota-onaning o‘rnini hech kim, hech narsa bosa olmas ekan. Bir narsa meni quvontiryapti, mehribonlik uyidagi bolajonlarimizdan ko‘pi oilasiga ega bo‘lyapti. Oxirgi 3 oy ichida 13 nafar bolani munosib oilalar qaramog‘iga berdik, ularning ichida o‘z oilasiga qaytarib olingan bolalar ham bor», deydi direktor.
Oramizda saxovatli insonlar ko‘pligi sabab bir oila birlashmoqda. «Saxovat Namangan» xayriya jamoat fondi vakillari bu oilani o‘z otalig‘iga oldi. Ularning ta'kidlashicha, bolalar voyaga yetgunga qadar moddiy ko‘mak berib boriladi.
Yulduzxon Yuldasheva, Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
12:19 / 07.10.2024
Namanganda o‘zganing fotosuratlarini internetda tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi
18:33 / 02.10.2024
Namanganda qadimiy yerosti yo‘laklari, isitish tizimi va sopol quvurlar topildi
21:19 / 05.09.2024